Ishonch telefoniga qilingan murojaat o‘z ta’sirini ko‘rsatdi
O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Nurli kelajak» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S.Yu.ning dorixonadan dori-darmon vositalarini xarid qilish jarayonida yuzaga kelgan tushunmovchilikni bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida ma’lum qilishicha, tuman markazidagi «Shams Farm AA» MChJga qarashli dorixonadan 308000 so‘mlik dori-darmon vositalarini xarid qiladi. Iste’molchi to‘lovni telefoniga o‘rnatilgan to‘lov dasturi orqali amalga oshiradi. Lekin keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ushbu jarayonda dasturdan foydalanishda xatolikka yo‘l qo‘yilib, pul mablag‘i ikki marta o‘tkazib yuboriladi va iste’molchi bank kartasidan jami bo‘lib 616 000 so‘m pul yechiladi. Lekin iste’molchi ushbu xatolikni sal keyinroq sezib qolib, sotuvchidan ortiqcha o‘tkazib yuborilgan pul mablag‘ini qaytarilishini so‘raydi. Sotuvchi tomonidan ushbu pul mablag‘ini qaytarilishiga qarshilik bildirilmagan bo‘lsada, bu ishlar cho‘zib yuborilgan. Natijada iste’molchi joriy yilning 7 sentyabr kuni ushbu masalada ishonch telefoniga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan iste’molchi murojaatida ko‘rsatilgan vajlarga aniqlik kiritish maqsadida dorixonaga tashrif buyurilganda, iste’molchining puli u ishonch telefoniga murojaat qilgan kunning ertasigayoq iste’molchiga qaytarilganligi ma’lum bo‘ldi. Bu borada iste’molchi bilan bog‘lanilganda u murojaatida ko‘tarilgan masala to‘liq hal bo‘lganligini ma’lum qilib, Federatsiya xodimlariga minnatdorchilik bildirdi.
Isomiddin Abbasov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment