Sud iste’molchi foydasiga 43 million so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Quvasoy shahar «Cho‘lpon» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi iste’molchi R.T.ning manfaatlarini ko‘zlab Marg‘ilon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan edi. Sud ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, xususiy korxonadan iste’molchi foydasiga 42 400 000 so‘m moddiy va 1 000 000 so‘m ma’naviy zararlarni undirish bo‘yicha hal qiluv qarori chiqardi.
Ish materiallaridan kelib chiqilsa, iste’molchi Farg‘ona shahrida joylashgan xususiy korxonadan 280 kvadrat metr bruschatkani, har kvadrat metrini 65 000 so‘mdan, jami 18 200 000 so‘m xarid qilgan. Mahsulotni tashish, o‘rnatish ishlarini ham qo‘shilganda iste’molchi tomonidan jami bo‘lib 42 400 000 so‘m mablag‘ sarflangan. Sotuvchi tomonidan kafolat berilganiga qaramasdan, oradan ikki hafta o‘rnatilgan bruschatkalarning rangi o‘zgarib, qora dog‘lar paydo bo‘la boshlagan. Iste’molchining sotuvchiga bu haqdagi e’tirozlari, undan so‘ng uning murojaatini Farg‘ona shahar jamiyati tomonidan o‘rganilishi jarayonida kiritilgan talabnomalar bilan ishni sudgacha hal qilishning imkoni bo‘lmagach, shahar jamiyati ushbu jarayonda to‘plangan hujjatlarni sudga kiritgan.
Ma’lumot o‘rnida. Federatsiya tizimidagi tashkilotlar tomonidan o‘tgan 2023 yilda 169 ta murojaatlar asosida iste’molchilarning manfaatlarini ko‘zlab sudlarga da’vo arizalari kiritilgan hamda 12 milliard so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zararlar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment