Iste’molchiga sotilgan noutbukning texnik parametrlari shartnomadagidan farq qilishi ma’lum bo‘ldi
Quva tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Go‘zal» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi D.Z.ning muddatli to‘lov shartlarida xarid qilingan noutbukning texnik imkoniyatlari shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan parametrlarga mos kelmasligi sababidan sotuvchiga qaytarib, uning uchun to‘langan pulni qaytarib olishda yordam ko‘rsatilishi borasida Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining ma’lum qilishicha, u 2023 yilning dekabr oyi oxirlarida sotuvchi «Oltiariq new unversal» MChJ bilan Lenovo rusumli HDD (qattiq disk) hajmi 1 terabayt va shartnoma qiymati bo‘lgan 9 901 200 so‘m bo‘lgan noutbukni bir yil davomida bo‘lib to‘lash shartida muddatli to‘lov shartnomasi imzolagan. Shartnomadan kelib chiquvchi bir oylik to‘lov summasiniyam amalga oshirgan. Lekin noutbukni uyga keltirib, undan foydalanish jarayonida HDD (qattiq disk) hajmi 1 terabayt emas, balki 256 gigabayt ekanligini sezib qolgach, tovarni sotuvchiga qaytarib olib borib topshiradi va pulini qaytarishlarini so‘raydi. Lekin uning qonuniy talablarini qanoatlantirish va pulni qaytarib berish ishlari paysalga solinadi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tovar haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilishi oqibatida zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishi mumkin. Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o‘rganish davomida sotuvchi bilan olib borilgan tushuntirish ishlari va to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, iste’molchining sotuvchi tomonidan bilibmi, bilmaymi unga qattiq disk hajmi shartnomada ko‘rsatilganidan kichik bo‘lgan noutbuk sotilganligi to‘g‘risidagi da’vosi isbotini topib, o‘rtadagi oldi-sotdi shartnomasi bekor qilindi va iste’molchi tomonidan to‘langan 825 100 so‘mlik bir oylik to‘lov summasi unga qaytarildi.
Feruza Umurzaqova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment