«15-mart – Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni» tadbirlari
Oltiariq tumani
Xabar berib borayotganimizdek, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi bilan umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida «Men yosh iste’molchiman» uch bosqichli respublika insholar ko‘rik-tanlovining tuman (shahar) bosqichlari o‘tkazilmoqda.
Oltiariq tumanida ushbu ko‘rik-tanlovning tuman bosqichi nihoyasiga yetib, g‘oliblar nomlari ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, 1-o‘ringa 34-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi Xomidjonova Intizorxon, 2-o‘ringa 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abdulxaeva Xadichaxon, 31-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abdunabieva Bibixonimlar tomonidan yozilgan insholar loyiq deb topildi. Tanlov g‘oliblari tuman jamiyatining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shuning bilan birgalikda xalqaro sana arafasida tumandagi 14-umumta’lim maktabi hamda Barkamol avlod bolalar maktablari mehnat jamoalari ishtirokida «15-mart – Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkillanib, ularda yurtimizda iste’molchilik ijtimoiy harakatining vujudga kelishi, taraqqiyoti va bugungi holati, sohaga oid qonunchilik bazasining shakllanishi kabi masalalarda so‘z bordi. Tadbir ishtirokchilariga Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari tomonidan iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqiy bilim saviyasi va iste’mol madaniyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham axborotlar berib o‘tilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
Dang‘ara tumani
Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan xalqaro sanaga bag‘ishlab, hududdagi bir qator tashkilotlarda «15-mart – Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida mazkur xalqaro sananing dunyo mamlakatlari aholisi – iste’molchilar uchun ahamiyati, uning vujudga kelishi va e’tirof etilishi, keyinchalik dunyo mamlakatlarida bu borada qonunchilik bazalarining shakllanishi, jumladan O‘zbekiston Respublikasi davla mustaqilligini qo‘lga kiritgach, dastlab Konstitusiyaga tegishli normalarni kiritilishi, keyinchalik esa alohida qonun qabul qilinishi, qonun bilan iste’mol huquqlari himoyasini davlat tomonidan kafolatlanganligi kabi masalalarda so‘z bordi. Shuning bilan birgalikda, yurtimizda iste’molchilik ijtimoiy harakatining vakili bo‘lgan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tashkilotlari faoliyati yuzasidan ham axborotlar berib o‘tilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
Post Comment