Foydalanish jarayonida nuqsonlari yuzaga chiqqan mobil qurilma maqbul sifatdagisiga almashtirildi

Foydalanish jarayonida nuqsonlari yuzaga chiqqan mobil qurilma maqbul sifatdagisiga almashtirildi

Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Qo‘shchinor» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi S.E.ning 6 100 000 so‘mga sotib olingan mobil qurilmada internet yaxshi ishlamagani sababidan uni sotuvchiga qaytarilib, xuddi shu rusumdagi boshqa mobil qurilmaga almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.

O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, Samsung 22 Ultra smart rusumidagi mobil qurilma murojaat egasi istiqomat qilayotgan hududda joylashgan savdo markazidan xarid qilingan bo‘lib, mobil qurilmada aloqa sifati pastligi va uning internetga ulanish funksiyasi yaxshi ishlamayotganligi iste’molchi e’tiroziga sabab bo‘lgan. Iste’molchining bu borada sotuvchiga qilingan murojaatiga boshqa sim kartalarni qo‘yib ishlatib ko‘rish bo‘yicha maslahat berilgan. Boshqa sim kartalarni qo‘yib ishlatib ko‘rilganda ham muammo bartaraf bo‘lmagan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sotuvchi zimmasida oldi-sotdi jarayonida iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyati, iste’molchi zimmasida esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyati bo‘ladi. Agar ushbu jarayonda iste’molchiga nuqsonli tovar sotilgan bo‘lsa, u mazkur tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berilishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Nuqsonli tovarni almashtirib berish ishlari qonunchilikda belgilangan muddatlar ichida amalga oshirilishi shartdir.

O‘rganish ishlari jarayonida sotuvchiga qonunchilikning yuqoridagi talablari yuzasidan, shuningdek qonun talablarini bajarmaslik keltirib chiqaradigan huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar esa nuqsonlari mavjudligi da’vo qilingan mobil qurilmani xuddi shu rusumdagi, maqbul sifatdagisiga almashtirilishi bilan yakun topdi.

Dilorom Mirzayeva,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Post Comment