1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

An’anaga ko‘ra, har yili 1-iyun sanasi nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Tarixiy manbalarda 1950 yildan buyon xalqaro bayram sifatida nishonlanib kelishi ko‘rsatib o‘tilgan mazkur sana arafasida bolajonlar uchun turli tashkilotlar tomonidan turli ko‘rinishlardagi bayram tadbirlari o‘tkazib kelinadi. Marg‘ilon shahridagi jamoat tashkilotlari ham ushbu xayrli ishlardan chetda turganlari yo‘q.


Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati shahar bo‘linmasi hamda O’zLiDeP shahar Kengashi xamkorligida Yangi Marg‘ilon shaharchasida joylashgan viloyat «Nogiron bolalar reabilitasiya markazi»da davolanayotgan bolajonlar uchun bayram tadbiri tashkillandi. Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularning sifatli bilim olishi va har tomonlama kamol topishi yo‘lida, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik borasida qilinayotgan sa’y-harakatlarga alohida urg‘u berib o‘tildi.

Bolajonlar uchun yozilgan bayram dasturxoni va konsert dasturi davomida ularga sovg‘alar ham ulashildi. Tadbirda yakunlovchi so‘z olgan markaz direktori A.Saydaxmedov uni tashkillash va o‘tkazishda o‘z hissalarini qo‘shgan tashkilotlar mas’ullariga minnatdorchilik izxor qilib o‘tdi.

Post Comment