Avtoturargohlar faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazilmoqda
O‘IHHQJ Federatsiyasi hamda Farg‘ona viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan kuzatuv-o‘rganishlar rejasi asosida viloyat hududidagi bozorlar, yirik savdo va ko‘ngilochar maskanlar avtoturargohlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar holati jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi.
O‘rganish bilan, tanlama asosda, viloyat hududidagi 27 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga qarashli bo‘lgan avtoturargohlar qamrab olindi. O‘rganishlarga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 12.04.2022 yildagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l harakati qoidalari» va 31.07.2013 yildagi 213-son qarori bilan tasdiqlangan «Avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom» talablari asos qilib olindi.
O‘rganilgan 27 ta avtoturargohlarning 2 tasi hech qanday hujjatlarsiz faoliyat ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, avtoturargohda xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxs nomi, ish rejimi, telefon raqami ko‘rsatilgan «Pulli avtomobillar to‘xtash joyi» lavhasi mavjud bo‘lishi kerak. Lekin ularning 10 tasida ushbu lavhalar qo‘yilmagan.
«Avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ga asosan mazkur xizmatlarni ko‘sratayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan iste’molchilar tanishishi uchun qulay joyga avtomototransport vositalarini saqlash qoidalari osib qo‘yilishi kerak. Lekin ushbu Qoidalar o‘rganilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning 7 tasidagina mavjud bo‘lib, 18 tasida qo‘yilmagan.
O‘rganilgan sub’ektlarning 12 tasida iste’molchilarni yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilish yuzasidan tegishli ogohlantirishlar qo‘yilmagan.
Shuningdek, Nizomga ko‘ra, aholi vakillari tanishishi uchun qulay joyga avtomototransport vositalarini qabul qilib olish va saqlash uchun mas’ul shaxslarning vazifalari qo‘yilgan bo‘lishi lozim bo‘lib, sub’ektlarning 11 tasida ushbu vazifa ijrosi ta’minlanmagan.
Qonun va nomi zikr etilgan Nizomga asosan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun amaldagi tariflar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim qilinishi lozim bo‘lsada, ushbu talab ijrosi sub’ektlarning 10 tasida ta’minlanmagan.
Qonunchilikka ko‘ra, mazkur xizmatlarni ko‘rsatayotgan yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnomasidan nusxa iste’molchilar tanishishi uchun qulay joyga o‘rnatilishi lozim bo‘lsada, sub’ektlarning 16 tasida mazkur talab bajarilmagan.
«Yo‘l harakati qoidalari»dan ma’lumki, avtomobillar to‘xtab turish joylari ko‘k rangdagi 5.15 «To‘xtab turish joyi» maxsus yo‘l belgisi bilan jihozlanishi, bu haqda oldindan ma’lumot taqdim qilinishi lozim. Agar mazkur to‘xtab turish joyi pulli bo‘ladigan bo‘lsa, ob’ekt sariq rangdagi 5.15.1 «Pullik to‘xtab turish joyi» maxsus yo‘l belgisi bilan jixozlanishi lozim bo‘ladi. Sababi, bu yerda qonunga ko‘ra iste’molchiga bu haqda oldindan ma’lumot berilishi lozimligi bo‘yicha normadan kelib chiqiladi. O‘rganilgan avtoturargohlar pulli bo‘lgani holda, ularning 7 tasi 5.15 «To‘xtab turish joyi» maxsus yo‘l belgisi bilan jixozlangan va bu boradagi qonun talablari to‘laqonli bajarilmayotgan bo‘lsa, ularning 15 tasi umuman hech qanday yo‘l belgisi bilan jixozlanmagan holda faoliyatini olib bormoqda. Ushbu holat nafaqat iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka, balki «Yo‘l harakati qoidalari»ga ham ziddir.
Shuning bilan birgalikda, sub’ektlarning 13 tasida kirish (chiqish) uchun ajratilgan joyda nazoratchi-kassirning xonasi (budkasi) bo‘lishi talabi, 20 tasida nazoratchi-kassirning xonasi (budkasi)ning tashqi tomoniga ko‘rinarli joyda avtomototransport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish tariflari va shartlari yirik harflarda yozilgan (harflarning yirikligi kamida 3 sm bo‘lgan) yozuv joylashtirilishi bo‘yicha talablar bajarilmagan, 13 tasida avtomototransport vositalarini joylashtirish tegishli sxemasi mavjud emas, 11 tasida nogironlarning avtomototransport vositalari uchun maxsus jihozlangan kamida ikkita joy mavjud bo‘lishi talabi, 5 tasi qattiq qoplama bilan, 5 tasi yoritish vositalari bilan jixozlanmagan, 3 tasida chiqindi to‘plash uchun konteynerlarni mavjud bo‘lishi bo‘yicha talab bajarilmagan, 8 tasida yong‘inga qarshi vositalar yo‘q, 8 tasida pulli xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd va naqd pulsiz amalga oshirish imkoniyatlari to‘liq yaratilmagan (NKM yoki to‘lov terminalidan bittasi yo‘q), 2 ta sub’ektda esa umuman yaratilmagan (NKM, to‘lov terminalining har ikkisi yo‘q).
O‘rganish ishlari olib borilishi davomida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga amaldagi qonunchilik targ‘iboti olib borildi. Uning yakunlari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy ma’lumotnomaning tegishli qismlari vakolati doirasida chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun tegishli idoralarga kiritiladi.
Post Comment