Telefonning nosoz akkumulyatori yangisiga almashtirib berildi
Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Xotinqumi» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi M.N. ning ilgari iste’molda bo‘lgan telefon apparatini xarid qilgani va unda aniqlangan nuqsonni bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi Marg‘ilon shahridagi “Oygul” savdo majmuida faoliyat olib borayotgan tadbirkordan o‘zining Samsung rusumli telefon apparati ustiga 400 000 so‘m pul qo‘shib berish yo‘li bilan ilgari iste’molda bo‘lgan iPhone rusumli telefon apparatini xarid qilgan. Ammo noma’lum nosozlik tufayli quvvati uzoqqa yetmay o‘chib qolavergan telefon apparati xarid kunining ertasigayoq sotuvchiga qaytarib olib kelingan. Tomonlar o‘rtasidagi muzokara iste’molchi talabini qanoatlantirilishi bilan yakun topmagach, u o‘z yashash manzili bo‘yicha Toshloq tuman jamiyatiga murojaat qilib, masalani qonuniy hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Tuman jamiyati ushbu holat yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari, xususan yuzaga kelgan holatda iste’molchi huquqlari va sotuvchi majburiyatlarini o‘zida aks ettirgan, da’vo talabnomasi shaklidagi xatni sotuvchiga kiritdi. Sotuvchi tomoni holatni o‘rganib chiqib, muammo telefon apparatining akkumulyatori bilan bog‘liqligini aniqladi va akkumulyatorni boshqasiga almashtirib berdi. Masala iste’molchi foydasiga hal etilib, uni qiynab turgan muammo bartaraf etildi.
Husnidaxon Yakubova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan)
Post Comment