Non va un mahsulotlari, makaron hamda turli xil shirinlik ishlab chiqarish korxonalarida qonunchilik talablari ijrosi ta’minlanyaptimi?

Non va un mahsulotlari, makaron hamda turli xil shirinlik ishlab chiqarish korxonalarida qonunchilik talablari ijrosi ta’minlanyaptimi?

Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tasdiqlagan iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilinishida jamoatchilikni keng jalb etish, shuningdek aholiga xizmat ko‘rsatuvchi sohalar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda ahvolini o‘rganish yuzasidan jamoatchilik nazorati tartibida o‘tkaziladigan kuzatuv-o‘rganishlar rejasi asosida viloyat hududidagi non va un mahsulotlari, makaron hamda turli xil shirinlik ishlab chiqarish korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, savdo va sanitariya-gigiena qoida, me’yor va talablariga amal qilinishi holatlari jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi. O‘rganishlar bilan, tanlama asosda, viloyatdagi 27 ta shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar qamrab olindi.

O‘tkazilgan o‘rganishlarda yuqoridagi 27 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda jami bo‘lib 190 nafar odam ish bilan bandligi kuzatildi. O‘rganishda oziq-ovqat mashulotlari ishlab chiqarish (tayyorlash) bilan band bo‘lgan xodimlarning davriy ravishda, belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turganliklari o‘rganilganda, faqatgina 16 ta sub’ektda faoliyatda band xodimlar tibbiy ko‘rikdan to‘liq o‘tganliklari, 4 ta sub’ektda xodimlarning ayrimlari o‘tmaganligi, 7 tasida esa xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi yoki davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddatlari o‘tib ketganligi kuzatilgan.

O‘rganilgan sub’ektlar tomonidan faoliyatda foydalanilayotgan oziq-ovqat mahsulotining va uni tayyorlash hamda undan foydalanish uchun mo‘ljallangan uskunalarning sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiena normativlariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjati – sanitariya-epidemiologik xulosasi mavjudligi so‘rab ko‘rilganda 17 ta sub’ektlar tomonidan taqdim qilingan bo‘lsa, 3 ta sub’ektda amal qilish muddati o‘tganligi, 7 ta sub’ektda esa mazkur hujjatni taqdim qila olmaganlar.

Bugungi kunda amaldagi tartib qoidalarga asosan ishlab chiqaruvchi ishlab chiqarilayotgan (tayyorlanayotgan) oziq-ovqat mahsulotiga muvofiqlik sertifikatini ixtiyoriy ravishda olishi belgilangan bo‘lib, o‘rganilgan sub’ektlardan 20 tasi mazkur sertifikatlarni olganliklari ma’lum bo‘ldi va ular tomonidan o‘rganishga taqdim qilindi.

Shuningdek, o‘rganilgan sub’ektlardan mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq uskuna (jixoz)larning muvofiqlik sertifikati mavjudligi to‘g‘risida so‘raldi. Ulardan 16 tasi mazkur hujjatlari mavjudligi sababli o‘ragnishga taqdim qilgan, 3 ta sub’ektdagi sertifikatlarning amal qilish muddati o‘tgan bo‘lsa, 8 tasi o‘rganishga ushbu hujjatlarni taqdim qila olmagan.

O‘rganishda 12 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda foydalanishda bo‘lgan, mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq o‘lchov vositalarining davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatning mavjudligi ko‘rildi, qolgan 3 tasida hujjatlarning amal qilish muddati o‘tgan, 12 tasi esa mazkur hujjatlarni taqdim qila olmagan.

9 ta sub’ekt tayyor mahsulotni realizasiya qilish (savdo nuqtalariga tarqatish) uchun shu maqsadlarga moslashtirilgan, o‘zining maxsus texnikasidan foydalanayotganligi, 7 tasida ushbu maqsadlarga mo‘ljallanmagan shaxsiy avtotransportdan foydalanilayotgani, 11 tasida esa mahsulotlar ombordan realizasiya qilinayotganligi kuzatildi.

Ishlab chiqaruvchining iste’molchilarga o‘zi realizasiya qilayotgan tovarlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumotlarni taqdim qilayotganligini o‘rganish maqsadida mahsulotlar qadog‘ida tegishli ma’lumotlarning mavjudligi ko‘rilganda, ularning 5 tasida mahsulotlar tegishli ravishda qadoqlanmagan holda realizasiya qilinayotganligi (mijozlarga taqdim qilish uchun namunaviy tarzda bo‘lsada tayyorlab qo‘yilmagan) kuzatildi. 14 ta sub’ektda ishlab chiqaruvchi (tayyorlovchi) tomonidan o‘z korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzilini ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida (mahsulot qadog‘ida) ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2 tasida mazkur ma’lumotlar to‘liq ko‘rsatilmagan, 6 tasida esa umuman ushbu ma’lumotlar ko‘rsatilmagan holda realizasiya qilinmoqda.

Faoliyatda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish zaruratidan, shuningdek iste’molchilar bilan tezkor aloqani yo‘lga qo‘yish hamda ularning turli e’tiroz va da’volarini qabul qilish maqsadida, mahsulot qadog‘ida qonunchilik talablaridagi ishlab chiqaruvchi manzillari bilan birgalikda, uning telefon raqamlari ham berilmoqdaki, bu ishlab chiqaruvchiga nafaqat turli e’tiroz va da’volarni, balki o‘z faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni qabul qilib borishga, turli marketing tahlillari o‘tkazib borishga ham imkoniyat yaratib beradi.
Mahsulot qadog‘iga ega bo‘lgan 22 ta sub’ektlarning 14 tasida ishlab chiqaruvchi bilan bog‘lanish telefon raqamlari ko‘rsatib o‘tilib, iste’molchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan bo‘lsa, qolgan 8 tasida ushbu ma’lumotlar ko‘rsatib o‘tilmagan.

Mahsulot qadog‘iga ega bo‘lgan 22 ta sub’ektlar tomonidan ishlab chiqarilib, realizasiya qilinayotgan mahsulotlar qadog‘ida ishlab chiqarilgan sanasini ko‘rsatish uchun ko‘zga tashlanadigan joy ajratilganligi ko‘rilganda, 5 ta sub’ektda ushbu talab bajarilmaganligi ko‘rildi.

Yuqoridagi 22 ta sub’ektlarda tayyor mahsulotni ishlab chiqarilgan sanasini buning uchun qadoqda maxsus ajratilgan joyga ko‘rsatgan holda chiqarilishi holati ko‘rilganda, 1 ta holatda buning uchun ajratilgan joydan boshqa joyda ko‘rsatilgan holda realizasiyaga chiqarish, 6 ta holatda esa ishlab chiqarilgan sanasini ko‘rsatmasdan realizasiyaga chiqarish holati kuzatildi.

Ushbu 22 ta sub’ektlarning 6 tasining mahsulot qadoqlarida tayyor mahsulotni yaroqlilik (saqlash) muddatini ko‘rsatish uchun ko‘zga tashlanadigan alohida joy ajratilmagan.

Shuning bilan birgalikda, yuqorida nomlari sanab o‘tilgan 6 ta sub’ekt tomonidan tayyor mahsulot qadoqlariga realizasiyaga chiqarilayotgan mahsulotlarning yaroqlilik (saqlash) muddatini ko‘rsatmasdan chiqarish holatlariga ham yo‘l qo‘yilmoqda.

Mahsulot tayyor namunasining (partiyasining) sof vazni uning qadog‘ida (standart talablarida) ko‘rsatilgan vazn ko‘rsatkichiga mos kelishini tortib ko‘rish yo‘li bilan baholash o‘tkazilganda, 3 ta sub’ektdagi mahsulot namunasida chetga og‘ishlar mavjudligi, lekin ko‘rsatkich standartlar darajasidan past emasligi, 3 ta sub’ektda esa mahsulot vaznining haqiqatda mos kelmaslik holatlari kuzatildi.

O‘rganishlar davomida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borildi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha tayyorlangan ma’lumotnomaning tegishli qismlari vakolat doirasida qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazib, tegishli chora-tadbirlarni ko‘rilishi uchun tegishli davlat boshqaruvi idoralariga kiritildi.

(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)

Post Comment