O‘rganishlar natijasida bir yil oldin izsiz yo‘qolgan to‘lov summasi topildi
Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Quyi Zarqaynar» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi T.M.ning ichimlik suvi to‘lovlari bo‘yicha 2023 yilning dekabr oyida amalga oshirgan to‘lovi hisob raqamida ko‘rinmayotganligi sababidan qarzdorlik kelib chiqayotganligi to‘g‘risida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Fuqaro murojaatida 2023 yilning 19-dekabrida amalga oshirgan 195 000 so‘m to‘lovi ichimlik suvi ta’minoti korxonasi bazasida ko‘rinmayotganligi va shaxsiy hisob raqamiga ham kelib tushmaganligini ma’lum qiladi. Ushbu holat yuzasidan «Farg‘ona suv ta’minoti» AJ tuman filialiga so‘rov xati kiritilib, o‘tkazilgan o‘rganishlarda fuqaro murojaatida keltirilgan vajlarning o‘rinli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, murojaatda keltirilgan mahallaning hudud nazoratchisi X.Z. hozirda ishdan bo‘shab ketganligi, u bilan bog‘lanib gaplashilganda fuqaro tomonidan haqiqatan ham murojaatda keltirilgan sanada 195 000 so‘m to‘lov amalga oshirilganligi, yig‘ilgan to‘lovlarni o‘sha yerda joylashgan paynet shoxobchasidan kirim qilib kelganligi va paynet shoxobchasi xodimining mazkur pul summasini tegishli hisob raqamga o‘tkazishda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygani oqibatida pul iste’molchining shaxsiy hisob raqamiga tushmay qolganligi aniqlanganligi, o‘tgan davr ichida ichimlik suvi tariflaridagi o‘zgarishlarni ham hisobga olgan holda, o‘rtada yuzaga kelgan 150 000 so‘m farqni ham qo‘shib, fuqaro hisob raqamiga 340 000 so‘m tushirilganligi va qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirilganligi ma’lum qilindi.
Xamidjon Axmedov,
tuman jamiyati raisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan)
Post Comment