Iste’molchi bank plastik kartasidan asossiz yechib olingan pul mablag‘i qaytarildi
Yozyovon tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Qatortol» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi N.J.ning bank plastik kartasidan unga noma’lum bo‘lgan kredit shartnomasi bo‘yicha kafillik uchun 2 272 762 so‘m pul yechib olingani to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Murojaatda mablag‘ uning plastik kartasidan «Yuksalish» do‘konlar tarmog‘i Yozyovon filialida rasmiylashtirilgan kreditga kafillik bo‘yicha «FER RISE 15» MChJ tomonidan yechib olingani, hech qanday kreditga kafil bo‘lmagani ma’lum qilinib, muammoni qonuniy yechim topishida amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘raladi.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, kredit iste’molchi N.J.ning o‘rtog‘i A.Q. nomida bo‘lib, 19.12.2023 yilda ushbu kredit rasmiylashtirilayotgan vaqtda A.Q. o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib telefoniga boradigan SMS xabarnomadagi parolni aytib berishini so‘ragan. O‘rtog‘idan unchalik shubhalanmagan N.J. unga xabarnoma matnini ma’lum qilgan. A.Q. kredit bo‘yicha to‘lovlarni to‘lab yurgan bo‘lsada, keyinchalik safarga ketib qolishi ortidan to‘lovlar to‘lanmasdan qarzdorlik yig‘ilib qolgan. Sotuvchi esa qarzdorlikni so‘ndirishni kredit rasmiylashtirilayotgan vaqtda A.Q. tomonidan biriktirilgan barcha plastik kartalarga qaratgan.
Murojaatni o‘rganish ishlari davomida sotuvchi mas’ullari bilan muzokaralar olib borilib, shartnoma imzolanish vaqtida N.J. o‘rtog‘iga SMS xabarnomani ixtiyoriy ma’lum qilgan bo‘lsada, uni A.Q. kredit rasmiylashtirilayotganidan xabardor qilmasdan aldagani, kafillik shartnomasiga imzo qo‘ymaganidan kelib chiqib, undan yechib olingan pullarni qaytarish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilganidan so‘ng, 2 272 762 so‘m pul N.J.ga to‘liq qaytarilishiga hamda uning bank plastik kartasi kredit bilan bog‘liq hujjatlardan chiqarilishiga erishildi.
Shavkatjon Saidov,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)
Post Comment