Murojaatlarni o‘rganish biroz vaqt va rasmiyatchiliklarni taqozo qiladi
Ma’lumki, amaldagi qonunchilikda jismoniy shaxslarning murojaatlarini qabul qilib olish, ularni o‘rganish hamda o‘rganish natijalarini murojaat egasiga ma’lum qilish borasida qat’iy tartib va muddatlar belgilangan. Murojaat rasmiylashtirilishi, mas’ul xodim ajratilishi, uning tomonidan o‘rganish ishlari olib borilishi kabi ishlar esa, albatta, muayyan vaqt talab qiladi. Murojaat egasidan esa yo‘llagan murojaati bo‘yicha qonunda belgilangan muddatlar doirasida o‘tkaziladigan o‘rganish natijalarining javobi rasmiy ma’lum qilinishiga qadar biroz sabr qilib turilishi taqozo qilinadi. Shuningdek, murojaat egasida o‘rganish ishlari doirasida o‘z murojaatini o‘rganishdan to‘xtatishni, o‘rganishsiz qoldirilishini so‘rash, qaytarib olish kabi huquqlar mavjud.
Masalan, Furqat tumanida yashovchi D.Z. 19 iyun kuni Qo‘qon shahridagi bozordan 94 000 so‘mga xarid qilgan ko‘ylakni uyga borib kiyib ko‘rish jarayonida o‘lchami biroz mos kelmagani sababli ertasi kuni sotuvchiga qaytarib olib keladi. Lekin ko‘ylakni sotuvchidan almashtirib ololmaganidan so‘ng shu kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga murojaat qiladi. Biroq murojaat Federatsiya markaziy apparatida tegishli tartibda rasmiylashtirilib, Qo‘qon shahar jamiyati tomonidan o‘rganishga qabul qilinganidan so‘ng iste’molchi bilan bog‘lanilganida u ko‘ylak bir qarindoshiga mos kelib qolganligi sababli unga sotib yuborganligi, pulini olganligi sababli murojaatini o‘rganish shart emasligini ma’lum qilgan.
Qo‘qon shahrida yashovchi S.M.ning 420 000 so‘mga xarid qilingan basseynni almashtirish masalasida sotuvchiga qilingan murojaatiga rad javobi olingani to‘g‘risida Federatsiya ishonch telefoniga qilingan murojaatini o‘rganilishi jarayonida ham xuddi shunga o‘xshash holatga duch kelingan. Murojaat Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida unda ko‘rsatilgan telefon raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bo‘lavermagach, iste’molchining yashash manziliga borgan jamiyat mutaxassislariga basseyndan foydalanilayotgani, iste’molchida bu bo‘yicha e’tirozlari yo‘qligi ma’lum qilingan.
Muhammadjon O‘lmasov,
jamiyat mutaxassisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)
Post Comment