Iste’molchi xarid qilinayotgan mahsulotning sifati, butligi, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona shahrilik S.A.ning «Ipakchi buyum bozori»dan 5 000 000 so‘mga sotib olinib xonadonga keltirilgan yangi muzlatgichda nuqsonlar aniqlangani va uni sotuvchidan maqbul sifatdagisiga almashtirib ololmayotganligi xususida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra iste’molchida xarid qilinayotgan mahsulotning sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirib olish huquqi mavjud. Tovarning butligi tekshirilganda tovar tarkibiy qismlari, ehtiyot qismlari mavjudligi, ularning bus-butunligi ko‘zdan kechiriladi. Iste’molchi tomonidan tovarning butligini tekshirish muzlatgich xonadoniga keltirilib, qutisidan chiqarilganidan so‘ng amalga oshirilgan va ushbu jarayonda nuqsonlar (shisha qismlarida siniqlar, ichki qismida tovarga xos bo‘lmagan teshik) aniqlangan. Sotuvchiga bu borada bildirilgan e’tiroz bilan esa biror natija chiqara olmagan.
Masalaga Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari aralashganidan so‘ng sotuvchi tomonidan nuqsonli muzlatgich olib ketilib, o‘rniga boshqa rusumdagi yana bir muzlatgich keltirib berildi. Lekin keyingi mahsulot ham iste’molchining talabiga mos kelmagach, tomonlar o‘rtadagi shartnomani bekor qilishga kelishib oldilar. O‘rganish yakunlari bilan oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinib, 5 000 000 so‘m pul iste’molchiga qaytarildi.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.
(фото сунъий интеллект ёрдамида тайёрланди)
Post Comment