Sotuvchi ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olishga haqli emas

Sotuvchi ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olishga haqli emas

Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Yakkatut» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi H.S ning o‘tgan yilning 28-avgustida muddatli to‘lov shartnomasi imzolanib, mobil qurilma iste’molchi qo‘liga topshirilishi jarayonida uning ilgari iste’molda bo‘lganligi ma’lum bo‘lib qolganligi sababli uni olishdan bosh tortganligi hamda o‘sha kuni do‘kon mas’uli shartnomani bekor qilishni o‘z zimmasiga olgan bo‘lsada, oradan shuncha vaqt o‘tib unga MIBdan qarzdorlikni to‘lab qo‘yish bo‘yicha xat kelib tushganligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, u o‘tgan yilning avgust oyi oxirlarida tuman markazidagi “Texnomart” savdo do‘konidan Xiaomi Redmi 13C 8/256 Gb rusumli smartfonni muddatli to‘lov shartlarida xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Biroq smartfon do‘kon xodimlari tomonidan ishlatib ko‘rsatilishi jarayonida uning yangi emasligi, ya’ni avval iste’molda bo‘lganligi ma’lum bo‘lib qoladi. Iste’molchi bunday tovarni olmasligini, shartnomani shu kunni o‘zida bekor qilinishini so‘raydi. Uni tinchlantirgan do‘kon mas’ullari shartnomani bekor qilinishini aytganlaridan so‘ng, shu yilning iyun oyiga qadar, ya’ni tuman MIBdan 1 172 000 so‘m qarzdorlik xatini olguniga qadar xotirjam yuravergan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra sotuvchi ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olishga haqli emasligidan kelib chiqqan holda, tuman jamiyati tomonidan sotuvchiga so‘rov xati kiritilib, rasmiy javob olindi. Sotuvchi tomoni javob xatida ma’lum qilishicha, fuqaroning murojaatida keltirilgan holatlar o‘rganilganda, haqiqatan ham u va «Texnomart» MChJ hamkori «AXIOM PLAN» MChJ o‘rtasida shartnoma imzolanganligi, lekin ushbu shartnoma bo‘yicha to‘lovni undirishni so‘rab hujjatlar sudga chiqarilmaganligi, shuningdek sotuvchi tomoni shartnoma rasmiylishtirishda xatolikka yo‘l qo‘ygani, bugungi kunda ushbu xatolik bartaraf etilgani hamda iste’molchining savdo do‘konidani qarzdoriligi yo‘qligi ma’lum qilinadi.

Husnidaxon Yakubova,
jamiyat mutaxassisi.

(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)

Post Comment