Iste’molchining o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot olish huquqi ta’minlab berilishi lozim
Bugungi kunda qaerga qaramang oziq-ovqat, nooziq-ovqat va boshqa turdagi tovarlarni aholiga realizasiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan biriga ko‘zingiz tushadi. Kimdir bundan sotuvchilik faoliyati oson ekanda, degan xulosaga ham kelishi mumkin. Biroq, savdo-sotiq faoliyatining ham o‘ziga xos qonun-qoidalari, bundan tashqari sotuvchilarga qonunlar bilan belgilab qo‘yilgan majburiyatlar ham borki, bularga amal qilmaslik, bepisandlik bilan qarash, tadbirkor uchun kelgusida, nafaqat turli moliyaviy sanksiyalarga duchor bo‘lish, balki oxir-oqibat faoliyatini bankrotlik bilan yakunlanishiga ham olib kelishi mumkin.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni realizasiya qilayotgan sotuvchi oldi-sotdi jarayonida iste’molchiga bir qator muhim ma’lumotlarni taqdim qilish bilan birgalikda, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari to‘g‘risida ham ma’lumotlar taqdim qilishi, tushuntirishlar berishi lozim. Sababi ertaga tovarda nuqson aniqlansa iste’molchida qanday harakatlarni amalga oshirishi mumkinligi yuzasidan to‘g‘ri tushuncha bo‘lishi kerak.
Quvasoy shahar «Yuqori Mo‘yan» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi D.T. Farg‘ona shahridagi savdo do‘konidan Zifler rusumidagi kir yuvish mashinasini xarid qilgach, undan foydalanishi jarayonida yuzaga kelgan nuqsonni bartaraf etib berilishi masalasida muammoga duch kelgan. Unga mazkur rusumdagi maishiy texnika buyumlariga servis xizmatlarini ko‘rsatuvchi asosiy korxona Toshkent shahrida joylashganligi, Farg‘onada rasmiy servis markazi yo‘qligi, ehtiyot qismlari poytaxtdan keltirilishi kabi holatlar nuqsonlarni bartaraf qilib berishlarini so‘rab murojaat qilgan holatidagina ma’lum bo‘lgan.
Iste’molchining kir yuvish mashinasini ta’mirlab berish ishlari paysalga solinayotganligi holati yuzasidan Federatsiya ishonch telefoniga qilgan murojaati, hududiy tegishliligi bo‘yicha Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilishi jarayonida, Toshkent shahridagi servis markazi mas’ullari bilan bog‘lanilganidan so‘ng, ta’mirlash ishlari tezlashtirilib, maishiy texnikaning nosozlik kuzatilgan motor qismi boshqasiga almashtirib berilib, muammo bartaraf etildi.
Mansurjon Toshkanov,
jamiyat mutaxassisi.
Post Comment