Kafolat muddati sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi)ning iste’molchiga haqiqiy munosabatini ham sinovdan o‘tkazadigan davrdir

Kafolat muddati sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi)ning iste’molchiga haqiqiy munosabatini ham sinovdan o‘tkazadigan davrdir

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga kafolat muddati belgilanib, kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)larning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashi (qo‘llanilishi, ulardan foydalanilishi) ta’minlab berilishi shart. Ushbu talablarni bajarilmasligi, unga e’tiborsizlik bilan qarash, nuqson yuzaga chiqishida iste’molchining aybi bo‘lmagani holda, aybni unga ag‘darishga urinishlar… bularning barchasi ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi)larning imidjiga salbiy ta’sir etib, ularga nisbatan iste’molchilar ishonchini yo‘qolishiga olib keladi.

Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi M.A. Marg‘ilon shahridagi «Ipakchilar buyum bozori» hududidan X. ismli sotuvchidan 11 000 000 so‘mga «OMAX» rusumli suv purkash moslamasini bir yillik kafolat muddati bilan sotib olgan. Undan foydalanishining birinchi haftasidayoq moslamada ortiqcha qizib ketaverish alomatlarini sezganidan so‘ng bu haqda sotuvchiga aytgan. Undan «Qo‘rqmasdan ishlatavering, o‘zi shunaqa bo‘ladi», mazmunidagi javobni olganidan so‘ng ishlatib kelib, oradan bir yarim oy o‘tgach haqiqatda nuqson yuzaga chiqqan. Bu safargi bog‘lanishda sotuvchi uni tumanning Qumtepa qishlog‘idagi ustaga borib uchrashishini aytadi. Usta tomonidan bepul ta’mirlash ishlari bajarilib, moslamadan yana foydalanib kelishi jarayonida bir-bir yarim daqiqa ishlab o‘chib qolaveradigan shaklda nosozlik kuzatiladi. Iste’molchining bu safargi qayta-qayta qo‘ng‘iroqlariga esa sotuvchi tomonidan javob bo‘lmaydi.

Murojaatni Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchi topilib, unga holat tushuntirilganidan so‘ng, sotuvchining sa’y-harakatlari bilan iste’molchi xonadoniga usta yuborilib, moslamada yuzaga kelgan nuqson o‘rnida bepul bartaraf etib berilishiga erishildi.

Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment