Iste’molchilarga sotilayotgan mahsulotlar maqbul sifatda bo‘lishi lozim
Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Qo‘rg‘oncha» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi R.M. tuman markazidan xarid qilingan sintepon (ko‘rpa-to‘shak va boshqa buyumlarni ichiga solish uchun ishlatiladigan sun’iy material) sifati yaxshi chiqmaganligi va uni sotuvchidan almashtirib olishning imkoni bo‘lmayotganligi to‘g‘risida qilgan murojati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u jami 6 kilogramm sinteponni har bir kilogrammini 25 000 so‘mdan 150 000 so‘mga xarid qilgan. Mahsulotni uyiga olib kelganida xonadonidagilar sintepondan qandaydir yoqimsiz hid kelayotganligini, buni odam boshini qo‘yib yotadigan yostiqlar uchun ishlatib bo‘lmasligini aytishadi. Iste’molchining qaytib kelib, shu masalada sotuvchiga e’tirozini bildirib, u bilan olib borgan muloqotidan esa kutilgan natija chiqmagan.
Tuman jamiyati mutaxassisi tomonidan murojaat asosida ushbu mahsulotlarni sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan M.O. bilan uchrashilib, undan yuzaga kelgan holat yuzasidan tushuntirish berishi so‘ralganda, sotuvchi savdoga qo‘yilgan mazkur turdagi mahsulot to‘plamini qayta ko‘zdan kechirib chiqqanligini, haqiqatan ham mahsulot ichidan 10 kg atrofida iste’molchi shikoyatida keltirilganidek yoqimsiz hid kelib turgan qismi chiqqanligi va iste’molchining mahsulotini maqbul sifatdagisiga almashtirib berishini ma’lum qildi. Shu kunni o‘zida mahsulot maqbul sifatdagisiga almashtirilib, iste’molchini qiynab turgan muammo barham topdi.
Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.
Post Comment