Bankomatda kuzatilgan texnik nosozlik iste’molchini noqulay holatga solib qo‘ydi

Bankomatda kuzatilgan texnik nosozlik iste’molchini noqulay holatga solib qo‘ydi

Har qanday texnikada nosozlik kuzatilishi mumkin va bu tabiiy hol. Lekin ushbu texnik nosozlik bankomatda kuzatilsa va bu holat aynan plastik kartangizdan falon summani yechib olinishi va naqd pulni chiqarib bermasligi tarzida yuz bersa, har qanday odamning ham fig‘oni falakka chiqishi tabiiy. Shunday hoatlardan biri Farg‘ona tumanining «Obod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi X.Z. bilan sodir bo‘lgan va u bu borada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Tuman jamiyati mutaxassisi tomonidan bankomatning «Agrobank» tasarrufida ekanligiga aniqlik kiritib olingach, bankning tuman filiali boshqaruvchisi nomiga so‘rov xati kiritildi. Bank mutaxassislari tomonidan holat o‘rganib chiqilganda, iste’molchining murojaati asosli ekanligi, tumanning Marg‘ilon ko‘chasida joylashgan bankomat, haqiqatda ham, uning plastik kartasidan 2 700 000 so‘m pul mablag‘ini yechib olib, texnik nosozlik tufayli naqd pulni chiqarib bermaganligi tasdig‘ini topdi. Shu kunni o‘zida pul mablag‘ini iste’molchi bank kartasiga qaytarilishi choralari ko‘rildi.

Abror Isaqov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment