Bag‘dod tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga aholi (iste’molchilar)dan kelib tushayotgan murojaatlar va ularni o‘rganish natijalari
BRIFING
Brifing spikeri: Sherzod Muxamov, tuman jamiyati raisi.
Bag‘dod tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati o‘z faoliyatini Federatsiya Ustavi, yuqori turuvchi tashkilotlarning topshiriqlari hamda tuman jamiyatining 2025 yil asosiy faoliyat yo‘nalishlari rejasi, shuningdek hamkor tashkilotlar bilan birgalikda imzolangan Memorandumlar, dasturlar va chora-tadbirlar rejalari asosida amalga oshirib kelmoqda.
Asosiy faoliyat yo‘nalishlarimizdan biri iste’molchilarning huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirish ekan, bu birinchi navbatda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini, shuningdek sohaga oid qonunchilik asoslarini aholining keng qatlamlari ongiga yetkazishdan iboratdir. Ushbu maqsadlarda hisobot davrida 45 ta yozma va og‘zaki targ‘ibot shaklidagi tadbirlarni tashkilladik.
Faoliyatimiz davomida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini ta’minlanishi va aholi (iste’molchilar)ning huquq va manfaatlarini himoya qilinishi yo‘lida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni asosida olib borilayotgan ishlarimizga qisqacha to‘xtalib o‘tsam.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida jamiyatimizga aholi (iste’molchilar)dan 51 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shularning 8 tasi Federatsiya ishonch telefoni va telegram boti orqali yuborilgan, qolgan 43 tasi esa tumanimiz aholisi tomonidan jamiyatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma va og‘zaki shakllarda berilgan murojaatlardan iborat bo‘ldi.
Murojaatlarni o‘rganib chiqilishi natijalari bilan iste’molchilar foydasiga 80 mln 557 ming so‘m mablag‘larni qayta hisob-kitob qilib berilishiga erishildi.
Tuman jamiyati tomonidan o‘rganilayotgan har bir murojaat yuzasidan tegishli sub’ektga kiritilayotgan da’vo talabnomasi shaklidagi so‘rov xatlariga masala qonuniy hal etilmagan taqdirda tuman jamiyati tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilishi bo‘yicha eslatmalar berib boriladi.
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, tuman jamiyati tomonidan kiritilgan so‘rovlarga qoniqarli javoblar olingan hamda iste’molchi muammosi bartaraf etilgan, shu sababli ham masala ishni ko‘rish sudda ko‘rish darajasigacha borib yetmagan.
Kelib tushgan murojaatlarni tarkibiga qaralsa, ularning 16 tasi yozma, 33 tasi og‘zaki, 2 tasi elektron shaklda kelib tushgan bo‘lib, sohalar kesimida ko‘rilganda, eng ko‘pi, ya’ni 39,2 foizi kommunal idoralar (elektr, gaz va suv ta’minoti tashkilotlari) xizmatlari yuzasidan, 33,3 foizi esa savdo sohasiga to‘g‘ri keldi. Qolgan qismi uy-joy xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, aloqa va internet sohalari bo‘yicha muammolar yuzasidan kelib tushgan murojaatlardan iborat bo‘ldi.
Yuqoridagilarga yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, tuman jamiyati qoshida tashkil etilgan “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari orqali ham aholi vakillarimizga bepul huquqiy maslahat va yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan davrda ushbu maslahatxona orqali 70 nafar fuqarolarga savdo, gaz, suv ta’minoti, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish (servis), transport, aloqa (internet) va boshqa sohalar yuzasidan huquqiy maslahat va amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.
Shuning bilan birgalikda, tuman jamiyati tomonidan federatsiya hamda hududiy birlashma topshiriqlari asosida, ichki bozorda sotilayotgan iste’mol tovarlari, ish, xizmatlari sifati va xavfsizligini amaldagi qonunchilik talablariga mos kelishi yuzasidan 14 ta jamoatchilik nazorati tartibidagi kuzatuv (o‘rganuv)lar ham o‘tkazilib, o‘rganish yakunlari bo‘yicha yuqori turuvchi idoralarga tegishli ma’lumotnomalar kiritildi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan hudud aholisining iste’molchilik sohasiga oid bilimlarini va iste’mol madaniyatini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonunchilik ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati tadbirlarini olib borish ishlari tizimli asosda davom ettirilmoqda.
Post Comment