Ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘langan pullar qaytarib olindi
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli tashkilotlar nomi bilan o‘zini tanishtirib, aholidan pul undirish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar haqidagi xabarlar tez-tez uchrab turibdi. Ayrim hollarda ular “yong‘in xavfsizligi xizmati”, “texnik ko‘rik markazi” yoki “mahalliy nazoratchilar” niqobi ostida fuqarolar ishonchini suiste’mol qilishadi. Uchko‘prik tumanida sodir bo‘lgan navbatdagi holat esa bu muammo qanchalik dolzarb ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Shu tumanda yashovchi X.N. xonadoniga bir necha marta tashrif buyurgan shaxs o‘zini “yong‘indan muhofaza qilish” xususiy tashkiloti xodimi sifatida tanishtirgan va fuqarodan umumiy hisobda 460 000 so‘m pul undirgan. Xodimning oxirgi tashrifida X.N. undan: “Sizga pul to‘layapmiz, lekin sizlar bizga qaysi xizmatni ko‘rsatyapsiz? Bu mablag‘lar nimaga to‘lanyapti?” deb so‘raganida, kelgan shaxs aniq javob berolmagan.
Shundan so‘ng fuqaro masalani ochiq qoldirmasdan, Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilib, ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘langan pullarini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan. Federatsiyaning Uchko‘prik tuman jamiyati mutaxassislari murojaatni o‘rganib chiqib, iste’molchi manfaatlari himoyasini ta’minlanishi hamda X.N.ga 460 000 so‘m pul mablag‘ini to‘liq qaytarilishiga erishdilar.
Ushbu holat aholi hushyor bo‘lishi, har qanday tashkilot vakilidan xizmat asosini, hujjatini va huquqiy maqomini so‘rashdan hech qachon uyalmasligi kerakligini, eng muhimi — iste’molchining haq-huquqlari va uni himoya qiladigan mexanizmlar mavjudligini ko‘rsatib beradigan yorqin misollardan biridir.
Sardor Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.



Post Comment