Davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xarid qilingan avtotransport vositasida yuzaga kelgan nuqson bepul bartaraf etiladigan bo‘ldi

Davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xarid qilingan avtotransport vositasida yuzaga kelgan nuqson bepul bartaraf etiladigan bo‘ldi

Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar aholining mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish va daromad manbaiga ega bo‘lishiga xizmat qilar ekan, ushbu imkoniyatlardan Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi iste’molchi N.O. ham foydalandi. U jamg‘arma mablag‘lari hisobidan, kredit shartlari asosida, uch tomonlama shartnoma bo‘yicha Qo‘qon shahrida faoliyat yuritayotgan «Nova motors 777» MChJ (ta’minotchi)dan 2 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan “Avalon” rusumli motorollerni 17 499 000 so‘mga xarid qiladi.

Biroq, transport vositasidan foydalanish jarayonida iste’molchi motorollerning akkumulyator qismida jiddiy texnik nosozlik mavjudligini aniqlaydi. Mazkur holat yuzasidan ta’minotchiga murojaat qilingan bo‘lsa-da, tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilmaydi. Shundan so‘ng iste’molchi N.O. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining ishonch telefoniga murojaat qiladi.

Murojaat Qo‘qon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida ta’minotchiga amaldagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilikda nazarda tutilgan kafolat majburiyatlari yuzasidan batafsil tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.

Amaliy muloqotlar va huquqiy tushuntirishlar natijasida ta’minotchi o‘z majburiyatini to‘liq anglab, motorollerdagi texnik nuqsonni o‘z hisobidan, bepul bartaraf etib berishga rozilik bildirdi.

Ushbu holatni iste’molchi huquqlarini ta’minlash borasida joylarda yo‘lga qo‘yilgan munosabatlar samarasini, shuningdek har bir fuqaro o‘z huquqini biladigan va himoyalay oladigan tizimning amalda ishlayotganini ko‘rsatuvchi yorqin misollardan biri deyish mumkin.

Muhammadjon O‘lmasov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment