Oldi-sotdi jarayonida tovar iste’molchiga but holda topshirilishi kerak

Oldi-sotdi jarayonida tovar iste’molchiga but holda topshirilishi kerak

Kredit savdo do‘konidan biron bir tovarni, aytaylik telefon apparatini bo‘lib to‘lash shartlarida olgan vaqtingizda, sotuvchi tomonidan uning qutisini (albatta ichidagi mavjud yo‘riqnoma va boshqa hujjatlarini ham) to‘lov to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng berilishi sharti bilan olib qolinishi holatiga duch kelgan bo‘lsangiz kerak? Albatta, bu kabi holatlarda o‘z haq-huquqlaridan biroz xabardor bo‘lgan iste’molchi tovar unga to‘liq (but) holda topshirilishini talab qilgan bo‘lar edi. Lekin ko‘pchilik yurtdoshlarimiz tovar qo‘liga tekkanidan xursand bo‘lib, qutisini mayli, keyin olarman qabilida ish tutib ketaveradilar.

Farg‘ona shahrida ham shunday holatlardan biri kuzatildi. Marg‘ilon shahrida yashovchi M.A. 2025 yilning yanvar oyida Farg‘ona shahridagi kreditga tovarlarni realizasiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan do‘kondan tovar shartnoma narxini bir yil muddatda ichida bo‘lib to‘lash shartlarida Samsung A06 rusumli smartfon xarid qilgan. Sotuvchi smartfon qutisini to‘lov to‘liq to‘langandan keyin berilishini aytib olib qolgan. Iste’molchi bir o‘tishini kutmasdan to‘lovlarni muddatidan oldinroq to‘lab bo‘lgan va do‘konga kelib telefonining qutisini berilishini so‘ragan. Savdo do‘konidagi mas’ullar qutini topib bera olmaganlaridan so‘ng Federatsiyaga bu borada murojaat yo‘llagan.

Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan savdo do‘koniga ushbu holat yuzasidan so‘rov xati kiritilib, o‘rganishlar olib borish jarayonida ham iste’molchiga tegishli bo‘lgan smartfon qutisi topilmadi. Savdo do‘koni yuzaga kelgan holat uchun iste’molchidan uzr so‘rash va muammoni bartaraf etish maqsadida unga do‘kondan 400 000 so‘mlik qiymatdagi hohlagan mahsulotidan sovg‘a sifatida olish taklifi berildi. Iste’molchi ushbu taklifni qabul qildi.

Hurmatli iste’molchilar!

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, savdo do‘konlaridan tovarlar sotib olayotganda uning butligini tekshirib olish huquqiga egasiz. Tovarning butligi deganda esa, uning yo‘riqnomasida keltirilgan ro‘yxatdagi buyumlar (asosiy buyum, qo‘shimcha buyumlar va butlovchi qismlar)ning to‘liq mavjudligi, ularga shikast yetmaganligi, tovarga taalluqli hujjatlari (pasporti, tovardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma, kafolat hujjatlari va h.k.)ning mavjudligini hamda ularni sizga taqdim qilinishini tekshirib olishni unutmang va berilishini talab qiling. Iste’molchiga tovarlar kreditga sotilgan holatlarda ham u shunday huquqlarga ega.

Mansurjon Toshkanov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment