Oldi-sotdi jarayonida iste’molchiga to‘laqonli ma’lumot berilmasligi kelgusida turli kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin
Yurtimizda onlayn savdo kundan kung rivojlanib borayotganligi sir emas. Shu bilan bir qatorda, aholi vakillarimiz bu borada bir qator muammolarga ham duch kelmoqdalarki, ularning ayrimlari onlayn savdo platformalari mas’ullari hamda savdo agentlari tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga to‘laqonli amal qilishlari bilan o‘z-o‘zidan yechim topib ketgan bo‘lar edi. Bu yerda gap aynan iste’molchiga realizasiya qilinayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berilishi ustida ketmoqda. Qonunchilikning ushbu normasi ijrosi talab darajasida ta’minlanmas ekan muammolar kelib chiqaveradi.
Uchko‘prik tumanida yashovchi Sh.E. o‘zlarini Andijon viloyati «Omadli xonadon» MChJ vakili deb tanishtirgan S.X.ning tavsiyasi va ko‘magida «Chakana» mobil ilovasi yordamida uy-ro‘zg‘or buyumlari xaridi uchun 3 484 793 so‘mlik shartnoma rasmiylashtirishadi. Lekin keyinchalik shartnoma rasmiylashtirilayotgan vaqtda, iste’molchiga bu haqda yetarli tushuntirish berilmasdan, sug‘urta to‘lovlari ham qo‘shib yuborilishi natijasida uning qiymati yana 400 000 so‘mga oshganligi va bu holat o‘z-o‘zidan to‘lovlarda ham aksini topganligi ma’lum bo‘ladi. Iste’molchi buni plastik kartochkasidan oyma-oy to‘lab borilishi va’da qilingan summadan ortiqroq summa yechib olinishi boshlangan paytda sezib qolgan.
Iste’molchining bu boradagi murojaatini o‘rganilishi jarayonida «Omadli xonadon» MChJ ga so‘rov xati kiritilib, amaldagi qonunchilikka ko‘ra iste’molchiga tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan taqdirda yuzaga keladigan huquqlar, xususan iste’molchida shartnomani bekor qilish huquqi mavjudligi borasida tushuntirishlar berilganidan so‘ng, to‘liq tushuntirilmasdan shartnomaga qo‘shib yuborilgan sug‘urta to‘lovlari summasi sotuvchi tomonidan iste’molchiga to‘lab berildi.
Sardor Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.



Post Comment