Oliy ta’lim muassasasida chakana savdo qoidalari bo‘yicha ochiq muloqot tadbiri bo‘lib o‘tdi

Oliy ta’lim muassasasida chakana savdo qoidalari bo‘yicha ochiq muloqot tadbiri bo‘lib o‘tdi

Farg‘ona davlat universitetining Iqtisodiyot fakul’teti talabalari ishtirokida, hududiy birlashma media-tadbirlar rejasi asosida, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13.02.2003 yildagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” mazmun-mohiyati yuzasidan ochiq muloqot tadbiri tashkillandi.

Tadbirda hududiy birlashma mas’ul xodimi G‘ayrat Mamatkulov hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Umidjon Abdullaevlar mavzuga oid masalalar yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tdilar. Tadbir doirasida ta’kidlandiki:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13.02.2003 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 75-sonli qarori 1-ilovasi bilan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” hamda 2-ilovasi bilan “O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalari” tasdiqlangan. Shundan bugungi tadbir bosh mavzusi bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” 24 ta bob hamda 190-banddan iborat.

Qoidalarning qo‘shimcha 2 ta ilovasi, xususan 1-ilova bilan “Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati” hamda 2-ilova bilan “Xaridorning ta’mirlash davrida unga tekin berib turish yoki xuddi shunday marka (model’, artikul)dagi tovarni almashtirish to‘g‘risidagi talabi tatbiq etilmaydigan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar ro‘yxati”dan iborat ilovalari mavjud.

Qoidalar mamlakatda savdo xizmatlarini yagona tartibga solish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va tadbirkorlik faoliyatini shaffof tashkil etishga qaratilgan muhim me’yoriy hujjat hisoblanadi.

Qoidalarda sotuvchining asosiy majburiyatlari, jumladan tovar haqida to‘liq va ishonchli ma’lumot berish, narxlarni ochiq ko‘rsatish, xaridorga chek taqdim etish, sifatli mahsulot sotish hamda kafolat shartlariga rioya qilish kabi talablar belgilangan. Shuningdek, iste’molchilarning tovarni almashtirish, qaytarish, nuqsonlar bo‘yicha da’vo bildirish huquqlari ham aniq tartibda bayon etilgan.

Hujjat chakana savdo ob’ektlarining ish rejimi, xizmat ko‘rsatish madaniyati, sanitariya va xavfsizlik talablariga rioya qilish kabi masalalarni ham qamrab oladi. U bozor munosabatlari sharoitida halol raqobat muhitini shakllantirish, xaridor ishonchini oshirish va savdo sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.

Mazkur qoidalar talabalarga savdo sohasida huquqiy me’yorlar, iste’molchi manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari va amaliy huquq qo‘llash jarayonlarini tushuntirishda muhim nazariy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir davomida talabalarning kun tartibidagi mavzu yuzasidan fikr-mulohazalari hamda takliflari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

Post Comment