1091 ishonch telefoniga kelib tushgan murojaat ijobiy hal etildi
Fuqarolarning maishiy texnika bilan bog‘liq muammolarini tezkor hal etish va iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish borasida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday murojaatlardan biri Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro D. Yu. tomonidan Federatsiyaning 1091 qisqa ishonch telefoni orqali yo‘llandi.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro 2025 yilda Qo‘qon shahri Yangi bozor hududidagi maishiy texnika do‘konidan «Immer 6 kg» rusumli kir yuvish mashinasini ikki yillik kafolat bilan xarid qilgan. Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida u bir necha bor nosoz holatga kelib qolgan. Servis xizmati tomonidan texnika bir necha marta olib ketilib ta’mirlangan bo‘lsa-da, muammo bartaraf etilmagani sababli iste’molchi amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Murojaat belgilangan tartibda Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Mutaxassislar mahsulotga xizmat ko‘rsatuvchi Immer servis markazi mas’ullari bilan bog‘lanib, iste’molchining e’tirozlari va qonunchilik talablari yuzasidan tegishli tushuntirish ishlarini olib borishdi.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida servis markazi xodimlari kir yuvish mashinasini iste’molchining xonadonidan olib ketib, nosozliklarni bartaraf etgach, qaytadan egasiga yetkazib berishdi. Fuqaro texnikani sinovdan o‘tkazib, uning to‘liq ishchi holatga keltirilganini tasdiqladi. Shu tariqa murojaat ijobiy hal etilib, iste’molchining buzilgan huquqlari tiklandi.
Murojaat ijobiy hal etilganidan so‘ng D. Yu. Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga minnatdorlik bildirib, arizasi qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqilgani va muammosi tezkor hal etilgani uchun jamiyat xodimlariga samimiy tashakkur izhor qildi.
Ushbu holat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan murojaatlarni har tomonlama o‘rganish, tadbirkorlik sub’ektlari va servis tashkilotlari bilan hamkorlikda muammolarni sudgacha bo‘lgan tartibda hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu o‘rinda, iste’molchilar huquqlari buzilgan hollarda Federatsiyaning 1091 qisqa ishonch telefoniga murojaat qilish orqali huquqiy maslahat va amaliy yordam olishlari mumkinligini eslatib o‘tishni joiz deb bilamiz.



Post Comment