Sifatsiz mahsulot xarid qilinsa, iste’molchi nima qilishi kerak?

Sifatsiz mahsulot xarid qilinsa, iste’molchi nima qilishi kerak?

Xaridor do‘kondan mahsulot sotib olganda, avvalo uning sifatliliga va talabga muvofiqligiga ishonadi. Ammo xariddan keyin mahsulotda nuqson yoki yaroqsizlik aniqlansa, masalani jim qoldirib qo‘yish emas, o‘z huquqini qonuniy tartibda talab qilish muhim.

Farg‘ona shahrida yashovchi Z. H. ham shunday vaziyatga duch kelib, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qildi. Murojaatda xarid qilingan planshetning sifati bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgani, uni savdo do‘koniga qaytarish va to‘langan 1 million 600 ming so‘m mablag‘ni undirishda amaliy yordam zarurligi bildirilgan.

Murojaat Farg‘ona shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Markaziy bozori hududi profilaktika inspektori bilan telefon orqali bog‘lanilib, savdo xodimi bilan profilaktik ishlar olib borildi. Huquqiy tushuntirishlar natijasida iste’molchi va tadbirkor o‘zaro kelishuvga erishdi: xarid qilingan mahsulot savdo do‘koniga qaytarilib, to‘langan pul mablag‘larini to‘liq qaytarishga kelishildi.

Mazkur holat iste’molchilar uchun muhim saboq: xariddan keyin muammo yuzaga kelsa, chek, to‘lov hujjati va boshqa dalillarni saqlab qo‘yish, avvalo sotuvchiga murojaat qilish, masala hal etilmasa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlaridan yordam so‘rash kerak. Z. H.ning murojaati ham shu tarzda o‘rganilib, iste’molchi va tadbirkor o‘rtasida kelishuvga erishildi.

Xaridorning huquqi — uning qo‘lidagi eng muhim kafolat. Uni bilish va qonuniy tartibda talab qilish esa muammoning yechimini tezlashtiradi.

Post Comment