Buyurtma bajarilishidagi nuqsonlar bartaraf etildi
Аgar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo`lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo`l qo`ygan bo`lsa, iste’molchi o`z xohishiga ko`ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko`rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko`rilgan zarar to`liq qoplanishini talab qilishga haqli.
(“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun 19-moddasidan)
Farg`ona shahridagi tibbiyot muassasalaridan birida mehnat faoliyat olib borayotgan G.Sharapova sohada uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan shifokorlardan. Qo`ni-qo`shni, tanish-bilishlari uylariga o`rnattirgan zamonaviy eshik va romlarga havas qilgan shifokor ham uyiga Аkfa eshik-rom o`rnattirish ilinjida “Garant mebel” MChJ bilan shartnoma tuzadi. Shartnomada ko`rsatilgan 16 mln (o`n olti million) so`mni ham vaqtida to`lab beradi. Eshik-romlar o`rnatilib, undan foydalanish jarayonida esa …
Qo`yingki, oradan ma`lum vaqt o`tib, kamchiliklar bo`y ko`rsata boshlaydi. Eshik va romlar deformatsiya bo`lib, tokchalar jilgan, oralari ochilgan, yomg`irli kunlarda orasidan suv ham o`tgan. Isteʼmolchi bu haqda masʼuliyati cheklangan jamiyat mutasaddilariga o`z eʼtirozlarini bildirib bir necha bor murojaat qiladi. Murojaatlardan esa natija chiqmaydi. Shundan so`ng u Farg`ona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, bu borada amaliy yordam ko`rsatilishini so`raydi.
Isteʼmolchining murojaatini o`rganish jarayonida, muammolarni kelib chiqishiga xonadonga o`rnatilgan eshik-romlar belgilangan tartiblarga eʼtiborsizlik bilan qarab o`rnatilishi, ishlarni sifatsiz bajarilishi natijasida kelib chiqqanligi qayd qilindi. Jamiyat mutaxassislari tomonidan MChJ xodimlariga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni talablari bo`yicha tushuntirish va targ`ibot ishlari olib borildi. Natijada xizmat ko`rsatuvchi tashkilot tomonidan eshik-romlar amaldagi talablarga javob beradigan darajada taʼmirlab berildi.
Shermurod Oxunov
Farg`ona shahar jamiyati bosh mutaxassisi
Post Comment