Uch yilga kafolat berilgan tovarda uch oyda nuqson chiqdi

Uch yilga kafolat berilgan tovarda uch oyda nuqson chiqdi

Toshloq tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Konizar mahalla fuqarolar yig`ini Yangichek mahallasida yashovchi Sohibaxon Rahmonovaning og`zaki murojaati qayd qilindi. Isteʼmolchi o`z murojaatida o`tgan yilning oktyabr oyida tuman markazidagi buyum bozori hududida joylashgan “TRUST CREDIT TRADE” xususiy korxonasiga qarashli kredit do`konidan qiymati 1 190 000 so`mlik bo`lgan “Milana” rusumli suv isitgichini sotib olgani, ammo undan hech qancha foydalanilmasdan, yaʼni uch oy o`tgach isitgichda nuqson kuzatilib, yaroqsiz holatga kelib kolganligini bildirgan.
Bu haqida u savdo do`koni mutasaddilariga uchrashib, kafolat muddati ichida vujudga kelgan nuqsonni bepul bartaraf etilishini yoki boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishini aytib murojaat qilgan bo`lsada, sotuvchi tomonidan isteʼmolchining qonuniy talabi bajarilmagan. Shu boisdan fuqaro o`z isteʼmolchilik huquqini anglagan holda tuman jamiyatimizga murojaat qilgan.
Tuman jamiyati huquqiy himoya bo`yicha bosh mutaxassisi U. Mirzaumarov tomonidan isteʼmolchi murojaatini o`rganish jarayonida sotuvchiga O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni tegishli moddalari talablari tushuntirildi. Natijada xususiy korxona tomonidan isteʼmolchining qonuniy talabi qondirilishiga va ikki kunlik muddat ichida nuqsonli suv isitgichni bepul taʼmirlab berilishiga erishildi.

Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment