Sotuvchining men tanga pul olmayman deyishga haqqi bormi?
Mamlakatimizning milliy valyutasi bo`lgan “so`m” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi “O`zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to`g`risida”gi 870-sonli Farmoniga muvofiq 1994 yilning 1 iyulidan boshlab muomalaga kiritilgan. Farmonning 4-bandi ikkinchi qismiga ko`ra, “So`mlar” va “Tiyinlar” O`zbekiston Respublikasi hududida mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, hamma jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan barcha turdagi to`lovlarga, shuningdek banklar tomonidan omonatlarga va hisobvaraqlariga qo`shib qo`yish uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi majburiydir, deb belgilab qo`yilgan. Bundan ko`rinadiki, sotuvchilar (xizmat ko`rsatuvchilar) isteʼmolchilar tomonidan to`lovga taqdim qilinayotgan milliy pulni hoh qog`oz pul (banknota) ko`rinishida bo`lsin, hoh tanga ko`rinishida bo`lsin, to`lovga qabul qilib olishlari shart. Ularga to`lovlarni qog`oz pul yoki tanga pul ko`rinishida qabul qilib olish bo`yicha tanlash huquqi berilmagan. Lekin shunday bo`lsada oramizda “Men tanga pul olmayman”, deb xaridorni ranjituvchi sotuvchilar ham uchrab qolar ekan.
Federatsiyaga murojaat qilgan Buvayda tumanida yashovchi fuqaro А.Jo`raboev o`zi yashab turgan hududdagi savdo do`konlari sotuvchilari tomonidan 500 so`mlik tangani to`lovga qabul qilmayotganliklari yuzasidan shikoyat qildi. Tuman jamiyati xodimlari tomonidan mazkur hududga tashrif buyurilib, yuqorida nomi zikr etilgan normativ hujjat, shuningdek amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun, “O`zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Berilgan tushuntirishlardan to`g`ri xulosa chiqargan sotuvchilar ushbu holatni qayta takrorlamasligini bildirib, milliy pulimizning amalda muomalada bo`lgan banknota va tangalarini hech qanday moneliklarsiz to`lovga qabul qilib olishlari bo`yicha vaʼda berdilar.
Mirzoxid Nuraliev
Buvayda tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
(yuqorida illyustrativ rasm)
Post Comment