O`z huquqlarimizni to`g`ri anglab olishimiz, o`zgalarning huquqlarini ham hurmat qilishimiz lozim
Buvayda tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Federatsiya Ustavi bilan belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida hududdagi korxona, tashkilot, idora va muassasalar ishchi xodimlari o`rtasida turli maʼnaviy-maʼrifiy, targ`ibot-tashviqot tadbirlarini o`tkazib bormoqda.
– O`tgan yili tumanimizdagi 70 ga yaqin korxona va tashkilotlarda, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarida bu kabi tadbirlarni o`tkazgandik, – deydi Buvayda tuman jamiyati raisi Аsrorjon Yigitaliev. – Joriy yilda ham bu ishlarni tizimli asosda davom ettirmoqdamiz. Maqsadimiz har bir isteʼmolchi o`z haq-huquqlarini to`g`ri anglab olishi barobarida o`zgalarning ham huquq va manfaatlariga hurmat bilan yondoshishiga erishish. Shunda jamiyatimizdagi ayrim muammolarni kelib chiqishini oldi olinadi, ayrimlari esa butkul bartaraf etiladi.
Buvayda tuman jamiyati tomonidan o`tgan yilda isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarni o`rganish natijalariga ko`ra, 11 247 810 (o`n bir million ikki yuz qirq yetti ming sakkiz yuz o`n) so`m mablag` isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan. Mazkur murojaatlar va ularni o`rganib chiqilishiga doir hujjatlar bilan tanishar ekanman, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganligi, murojaatlarning ayrimlarida sotuvchi (xizmat ko`rsatuvchi)larning o`z majburiyatlarini o`z vaqtida va lozim darajada bajarmaganliklari ortidan isteʼmolchining qimmatli vaqtini isrof qilinishi, tiklanmas asab tolalarining uzilishi, ayrimlarimiz uchun arzimas bo`lib ko`ringan masalani hal qila olmasdan idorama-idora sarson bo`lganliklari ko`z oldimdan birma-bir o`tdi. Lekin murojaatlar va ularni o`rganib chiqilishi bo`yicha to`plangan hujjatlar yig`majildini ko`rib chiqish davomida meni eʼtiborimni o`ziga tortgan va ranjitgan yana bir narsa bu yuqoridagi holatlarning kelib chiqishiga odamlarimizda ham biroz ayb borligi, yaʼni isteʼmolchilik sohasiga oid qonunchilikdan yaxshi xabardor emasliklari va o`zlarining huquqlarini to`g`ri talab qila olmaganliklari sabab bo`layotganligi bo`ldi. Demak, hali aholi o`rtasida ko`p ishlashimiz kerak, qonunchilik targ`ibotida yangi-yangi usullardan va texnologiyalardan foydalanishimiz lozim.
Shu o`rinda tuman jamiyati tomonidan o`rganib chiqilib, isteʼmolchining muammosi hal etib berilgan bitta murojaatga eʼtiboringiz qaratmoqchiman. Buvayda tumanida yashovchi fuqaro I. Sodiqov tuman markazida joylashgan savdo do`konidan А-40 markali uyali aloqa telefonini isteʼmol krediti shartlarida, yaʼni pulini bir yil davomida bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan sotib oladi. Аmmo oradan hech qancha vaqt o`tmay uyali aloqa vositasi nosoz holatga kelib qoladi. Isteʼmolchi sotib olgan aloqa vositasini sotuvchiga olib kelib sozlab berishini so`raydi. Sotuvchi esa qo`liga servis markazi manzilini berib, xushmuomalalik bilan unga chiqish eshigini ko`rsatib qo`yadi. Servis markazi ustalari esa eshiklarini taqillatib kelgan isteʼmolchiga telefonni soz holatga kelishi uchun bir oy muddat talab qilinishini aytib, “Yaxshi kunlaringizda ham kelib turing”, – qabilidagi so`zlar bilan ko`cha eshigigacha kuzatib qo`yadilar. Sotuvchi-yu xizmat ko`rsatuvchilarning biri-biridan shirin muomalalaridan sarxush isteʼmolchi uyga sim qoqib: “Bugun bir osh damlanglar!”, – deyishga og`iz juftlaydi-yu, qo`lidagi buzuq telefonga ko`zi tushib fikridan qaytadi.
Shu joyga kelganda amaldagi qonunchilik talablari bo`yicha isteʼmolchi qanday hatti-harakatlarni amalga oshirishi lozim edi, qanday qilsa to`g`ri yo`l tutgan va muammosini qonuniy yechimiga erishgan bo`lar edi, degan savol tug`ilishi tabiiy hol.
Аgar isteʼmolchiga sotilgan tovarda nuqsonlar yuzaga chiqsa, isteʼmolchi tovar aynan shu yerdan sotib olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar (kassa yoki tovar cheki, tovar pasporti yoki boshqa)ni ilova qilgan holda o`z eʼtirozlarini sotuvchiga bildiradi. Sotuvchi esa, agar isteʼmolchi tovarni almashtirish talabini qo`ysa, uni yetti kunlik muddat ichida almashtirish, agar isteʼmolchi kafolatli taʼmirlatish talabini qo`ysa uni yigirma kun ichida taʼmirlatish choralarini ko`radi. Shuningdek, isteʼmolchining talabi bilan tovar nuqsonlarini bartaraf etish davrida foydalanib turish uchun isteʼmolchiga xuddi shu markadagi tovarni berib turadi.
Аgar isteʼmolchi to`g`ridan-to`g`ri servis markaziga, yaʼni ishlab chiqaruvchining vakili huzuriga kelsa, servis markazi o`n kunlik muddatda tovardagi nuqsonlarni bartaraf etish choralarini ko`rishi kerak bo`ladi.
Yuqoridagi har ikki holatda ham belgilangan muddatlarni o`tkazib yuborilishi, o`tkazib yuborilgan har bir kun uchun sotuvchi (xizmat ko`rsatuvchi, ishlab chiqaruvchi) tomonidan tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to`lanishiga olib keladi.
Murojaatni o`rganish davomida isteʼmolchiga yuqoridagi holatlar tushuntirilgan. Sotuvchiga esa amaldagi qonunchilik bo`yicha majburiyatlari uqtirilgan. O`rganish natijalari va isteʼmolchining tanloviga ko`ra, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchining tovardagi nuqsonlarni bartaraf etish to`g`risidagi talabini bajarmaganligi uchun ularga nisbatan amaldagi qonunning 16-moddasiga asosan shartnomani bekor qilinishi talabi qo`yilgan. Nuqsonli tovar sotuvchiga, tovar uchun to`langan pul summasi esa isteʼmolchiga qaytarilgan. Qonunning 20-moddasi bo`yicha o`ziga yetkazilgan moddiy ziyon qoplab berilgan isteʼmolchiga mazkur qonunning 22-moddasi bo`yicha sotuvchidan maʼnaviy zarar ham undirib olishi mumkinligi va buning uchun masalani sudga olib chiqish lozimligi tushuntirilgan. Lekin isteʼmolchi shartnomani bekor qilinib, yetkazilgan moddiy ziyon qoplanishidan qoniqish hosil qilganligini bildirgan.
Bugungi kunda tuman jamiyati tomonidan isteʼmolchilardan kundalik turmush faoliyatiga taalluqli bo`lgan turli tuman masalalarda kelib tushayotgan murojaatlarni ijobiy hal qilib berish yo`nalishidagi ishlar tizimli asosda davom ettirilmoqda. Men esa isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlar va ularni o`rganib chiqish davomida to`plangan hujjatlar jamlanmasini yopar ekanman, insonlarning og`irini yengil qilish, ularni qiynab turgan muammolarni hal qilib berish kabi xayrli ishlarni olib boradigan shunday tashkilotda ish boshlayotganimdan ko`nglim ravshan tortib, o`zimcha g`ururlanib ham qo`ydim.
Mirzoxid Nuraliev
Buvayda tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment