O‘rnatishdagi jiddiy nuqsonlar sabab yangigina eshik va romlarga zarar yetdi
Oltiariq tumani Guliston mahallasida yashovchi xonadoniga o‘rnatilgan AKFA eshik romlari bilan bog‘liq muammo yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga murojaat qilgan. Murojaat esa tegishliligi bo‘yicha Oltiariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilib, masalani iste’molchi foydasiga hal qilishga erishildi.
– Biz yangi qurilgan xonadonimizga AKFA eshik romlarini o‘rnatib berishi uchun yakka tartibdagi tadbirkor I.Olimjonovga 11 000 000 (o‘n bir million) so‘m pul bergandik. Lekin uning tomonidan o‘rnatilgan eshik romlar talab darajasida o‘rnatilmaganligi bois turli muammolar kelib chiqdi. Lekin u shu kunga qadar kamchiliklarni bartaraf etmasdan kelmoqda. Natijada biz yangi qurilgan xonadonga ko‘chib chiqa olmayapmiz, – deydi O.Tusmatova o‘z murojaatida.
Tuman jamiyati xodimlari murojaatni o‘rganish va holatni joyida ko‘rib chiqish uchun iste’molchiga uchrashganlarida haqiqatda yangi qurilayotgan xonadonga o‘rnatilgan eshik romlarning hududda 20-21 yanvar’ kunlarida kuzatilgan qattiq shamoldan so‘ng o‘rnidan ko‘chib, bir qismi nosoz holatga kelganligiga guvoh bo‘ldilar.
Shundan so‘ng bu boradagi amaldagi qonunchilik talablari bilan yakka tartibdagi tadbirkorga murojaat qilindi hamda yuzaga kelgan holat bo‘yicha amaldagi qonunning talablari tushuntirildi.
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasida, ijrochi ishda (xizmatda) jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqliligi belgilab qo‘yilgan.
Ushbu talablardan to‘g‘ri xulosa chiqargan ijrochi o‘rganish ishlari doirasida kamchiliklarni to‘liq bartaraf etib, o‘zining zimmasidagi vazifalarni to‘liq ado etdi.
– Ushbu murojaatimdan so‘ng romlar boshqa qo‘yib berildi, chala qolgan ishlar nihoyasiga yetkazildi. Murojaati bo‘yicha boshqa e’tirozlarim yo‘q, arizamni harakatdan to‘xtatishlaringni so‘rayman, – deydi iste’molchi o‘rganish natijalari bo‘yicha tuman jamiyatiga bergan minnatdorchilik xatida.
Dilobar Dadaxonova
Oltiariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment