Bitta sifatsiz lampochkani almashtirib berish bilan bog‘liq mashmashalar ortidagi o‘ylar

Bitta sifatsiz lampochkani almashtirib berish bilan bog‘liq mashmashalar ortidagi o‘ylar

Qo‘qon shahrida yashovchi iste’molchi I. A. “Qo‘qon savdo kompleksi” MChJ hududida joylashgan 88-savdo do‘konidan ikki yillik kafolat muddati bilan sotib olgan “LED” energiya tejamkor lampochkasi ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan kafillik muddati tugashiga 2 oy qolganda kuyib qolgach, masalani o‘z kuchi bilan hal qilishga urinib ko‘rgan.

Iste’molchi mahsulot qadog‘ida yozilgan raqamga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilgan, lekin go‘shakning u tomonidan “Boshqa joyga tushib qoldingiz”, degan javob olavergan. Bundan jahli chiqqan iste’molchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga murojaat qilib, ushbu masalada o‘z shikoyatini qoldirgan.

To‘g‘ri, Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari aralashuvi bilan sotuvchi lampochkani boshqa sifatlisiga almashtirib berdi. Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Nega endi ishlab chiqaruvchi tomonidan kafolat berilgan tovar, kafolat muddati ichida iste’molchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli, ishdan chiqsa yoki unda biror nuqson aniqlansa, amaldagi qonun talablaridan kelib chiqib, almashtirib berish o‘rniga, fuqaroni ovorayu sarson bo‘lishiga sabab bo‘lishi kerak? Sotuvchilar bunday holatlarda, xuddiki tovarni o‘zlari ishlab chiqarib sotayotgandek, ishlab chiqaruvchi tomoniga o‘tib olib, iste’molchini o‘zini ayblashga urinishlari qanchalik to‘g‘ri?

Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida keskin raqobat kuzatiladi. Bu raqobat kurashida bitta ishlab chiqaruvchi ikkinchi bir ishlab chiqaruvchi ustidan g‘olib kelish, bozorda o‘z tovarlarini ko‘proq sotilishiga erishish maqsadida iste’molchilarga turli rag‘batlantirishlarni, qulaylik va yengilliklarni taklif qiladi. Shulardan biri, tovarga belgilanadigan kafolat muddatidir.

Shu o‘rinda, kafolat muddatini raqobatchinikidan ko‘ra uzoqroq qilib belgilab qo‘yish bilangina ish bitmasligini, ertaga ana shu belgilangan muddat ichida tovarda nuqson kuzatilsa, iste’molchini ovorayu sarson qilib, ko‘nglini o‘zi ishlab chiqarayotgan tovarga nisbatan butunlay sovitib qo‘ymaslik choralarini ko‘rishni ham unutmaslik kerakligini har birimiz to‘g‘ri anglaymiz.

Hurmatli ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar! Uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni sotishda aholi (iste’molchilar)ga shu tovardan to‘g‘ri va samarali foydalanish yo‘l-yo‘riqlarini tushuntirishdan erinmang! Zero, amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 5 va 6-moddalarida sizlarning zimmangizga shunday majburiyatlar yuklatilgan.

Shuning bilan birgalikda, amaldagi qonunning 14 va 15-moddalarida nuqsonli tovarni almashtirish va bepul ta’mirlash bo‘yicha tartib-qoidalar hamda qat’iy muddatlar belgilanganligini, ana shu muddatlarni o‘tkazib yuborish esa sizga nisbatan neustoyka (penya)lar hisoblab borilishiga sabab bo‘lishini ham unutmang.

Asrorjon Mamatqulov

Qo‘qon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment