Xodimning loqaydligi pand berdi

Xodimning loqaydligi pand berdi

Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro apparati mutaxassislari tumanda yashovchi fuqaro O.G‘iyosovning yozma arizasi asosida o‘rganish ishlarini o‘tkazdilar. Fuqaro murojaatida bayon qilinishicha, tuman gaz idorasi tomonidan uning xonadoniga nisbatan hisoblangan 315800 (uch yuz o‘n besh ming) so‘m miqdoridagi qarz majburiyati asossiz bo‘lib, uning noroziligiga sabab bo‘lgan.

O‘rganish jarayonida murojaatchi xonadoni 2021 yilning yanvar’ oyida gaz tarmog‘iga qayta ulanib, bir oy davomida normativ (hajm) asosida tabiiy gaz iste’moli uchun 272000 so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirilgani, 2021 yil 1 fevral holatiga 20756.48 so‘m qarz majburiyati mavjudligi, tumangaz idorasi xodimi E. Axmadaliev tomonidan xonadon egasining murojaati asosida xonadonning gaz tarmog‘idan uzilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma rasmiylashtirganligi, lekin mijozlar bo‘limida mazkur dalolatnoma bilan tasdiqlangan ma’lumot ijroga qaratilmaganligi natijasida hisob-kitoblar 2021 yilning fevral oyi uchun ham normativ asosida hisoblanib, iste’molchida 294966 so‘m miqdorida ortiqcha qarz majburiyati vujudga kelganligi aniklandi.

O‘rganish natijalari bilan oshiqcha hisoblangan qarzdorlik asossiz deb topilib, o‘rganish ma’lumotnomasi va qayta hisob-kitob dalolatnomasi asosida 294966 so‘m Billinggaz bazaviy dasturidan chiqarilishiga, iste’molchining amaldagi real qarzdorligi 22102 so‘mni tashkil qilayotganligiga aniqlik kiritilishiga erishildi.

Yuqoridagi qarz majburiyatini kelib chiqishiga yo‘l qo‘ygan tuman gaz idorasi mas’ullariga to‘lovlarni undirish va iste’mol uchun hisoblangan ko‘rsatkichlarni hisobini yuritish tartib va talablariga qat’iy rioya etib borish, xizmat ko‘rsatuvchi (ijrochi) tashkilotning huquq va majburiyatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonuni talablari to‘g‘risida tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Baxtiyor Juraev
Beshariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment