Qonun talabi ijrosi ta’minlandi

Qonun talabi ijrosi ta’minlandi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga Toshloq tuman Chek mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Sh. Davlatovdan murojaat kelib tushdi. Unda ta’kidlanishicha, fuqaro tuman hududida faoliyat olib borayotgan “ASR MARKET” kredit savdo do‘konidan ROISON rusumli gaz plitasini sotib olgan. Ammo ushbu maishiy texnika kafolat muddati ichidayoq nosoz holatga kelib qolgan.

Bu haqida iste’molchi savdo markazi xodimlariga bir necha marotaba xabar berib, gaz plitasini servis xizmati orqali ta’mirlatib berishlarini so‘rashiga qaramay uzoq vaqt mobaynida uning talabi qondirilmay kelgan. Shu boisdan bu muammoga yechim topish va gaz plitasini ta’mirlatish masalasida amaliy yordam so‘rab Federatsiyaga o‘z murojaatini yo‘llashga majbur bo‘lgan.

Murojaat tegishliligi bo‘yicha Toshloq tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan “ASR MARKET” kredit savdo do‘koni mutasaddilari bilan hamkorlikda o‘rganildi. O‘rganuv ishlari davomida iste’molchi Sh. Davlatov tomonidan sotib olingan gaz plitasi haqiqatan ham kafolat muddati davrida nosoz holatga kelganligi, savdo markazi xodimlari esa iste’molchining qonuniy talablariga quloq tutmay kelayotganligi ayon bo‘ldi.

Tuman jamiyati mutaxassislarining say’-harakatlari bilan murojaatchining talabi qondirilib, nosoz texnika ta’mirlatib berildi. Savdo markazi xodimlariga esa O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunlari talablari yuzasidan targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi.

Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment