Xonadonning iste’mol ko‘rsatkichlariga aniqlik kiritib berildi
Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Toshhovuz mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi A.Ergashevning foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlar masalasidagi murojaati o‘rganildi.
Murojaatda bildirilishicha, iste’molchi xonadoniga 2021 yilning oktyabr’ oyida yangi ASKUG hisoblagich o‘rnatiladi. Bunda xonadon mavjud eski hisoblagich ko‘rsatkichlari bo‘yicha 129 000 so‘m qarzdorlik bilan yangi hisoblagichga o‘tadi. Yangi hisoblagich o‘rnatilishidan uch kun o‘tib, iste’molchi mavjud qarzdorlikni bartaraf qilib qo‘yish maqsadida paynet orqali 500 000 so‘m to‘lovni amalga oshiradi va o‘zining hisobicha 370800 so‘m haqdor bo‘lib qoladi. Biroq iste’molchini telefoni orqali ulangan programmada esa hanuz 129 000 so‘m qarzdorlik bartaraf etilmagani ma’lum bo‘ladi. Fuqaro A.Ergashev bu masala bo‘yicha tuman gaz idorasiga murojaat qiladi. Mas’ullar unga ushbu xatolik komp’yuter dasturi tomonidan bo‘layotganligini ma’lum qilishadi.
Urinishlari besamar ketayotganligini ko‘rgan iste’molchi xonadoni gaz tarmog‘idan uzilib qolmasligi uchun noyabr’ oyida ikki marta 50 000 so‘m hamda 100 000 so‘m to‘lovlarni amalga oshiradi. Shundan so‘ng tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida abonentning iste’mol ko‘rsatkichlariga aniqlik kiritilib, uning tabiiy gaz to‘lovlari bo‘yicha haqdorligi 428980 so‘mni tashkil qilayotganligi qayd qilindi.
Shavkatjon Saidov
Yozyovon tuman IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi
Post Comment