Mustaqil turizm uchun yaratilgan yaxshi sharoit – turizmning har qanday shakli muvaffaqiyatini ta’minlaydi

Mustaqil turizm uchun yaratilgan yaxshi sharoit – turizmning har qanday shakli muvaffaqiyatini ta’minlaydi

Biror-bir bir joyda turizmning har qanday shakllari keng rivoj topishi uchun o‘sha joyning turizmga xizmat qiluvchi infratuzilmasi, eng avvalo, turistlar tartibli guruhlarining emas, balki mustaqil turizmning nuqtai nazaridan kelib chiqib shakllantirilishi kerak, deb hisoblayman.
 
Mustaqil turizm — turistlar tomonidan turoperatorlar va turagentlar ishtirokisiz mustaqil ravishda tashkil etiladigan sayohat (“Turizm to‘g‘risida”gi qonun, 3-modda, 18.07.2019 yildagi O‘RQ-549-son)

Ya’ni turizm bilan bog‘liq infrastruktura: yo‘llar, ko‘rsatkichlar, mehmonxonalar, transport, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini topish, ulardan foydalanish, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish bilan bog‘liq harakatlar turistning o‘zi tomonidan, mustaqil, mutaxassis (gid) yoki o‘zgalarning yordamisiz amalga oshira olinadigan darajada bo‘lishiga intilish kerak. Quyida bildiriladigan fikrlar shaxsiy kuzatuvlar asosida shakllangan sub’ektiv qarashlarni o‘z ichiga olishini eslatib o‘tishni joiz deb bilaman va tezkor zamonamizda agar qaysidir bildirilgan fikr yoki taklif bo‘yicha ishlar amalga oshirib bo‘lingan yoki amalga oshirish boshlangan bo‘lsa ham, kaminani ma’zur tutgaysiz.

Soddadan murakkabga …

Biz yurtimizda turizmni rivojlantirishda bu sohada ilg‘or davlatlar tajribasidan andozalar olishimiz, ulardan amaliyotda foydalanishimiz mumkin va bu, albatta, to‘g‘ri. Lekin xorij tajribasini barcha birdek va to‘g‘ri qo‘llay olishi uchun aholida shunga mos ravishdagi bilim va tajriba ham talab qilinadi. Soatdagi qaysidir mexanizmning ishdan chiqishi yoki talab darajasida ishlamasligi soat o‘z asosiy funksiyasini bajara olmasligiga olib kelishi yoki vaqtni ko‘rsatishda chalkashliklarni keltirib chiqarganidek, tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lmagan odamlar ommasining muayyan bir sohada ilgari surilayotgan yangilikni, yangi g‘oyani, yangi ish usulini amaliyotda ishlata olmasligi, keyinchalik uni begona, ortiqcha, kerakmas buyumdek nazardan chetda qolib ketishiga ham olib kelishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun esa turizm infratuzilmasini soddadan murakkabga usulida shakllantirilishi o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsata oladi, deb o‘ylayman.

Har narsaning foydalanilishi, amaliyotda keng qo‘llanishi, tushunib olinishi uchun sodda bo‘lishiga e’tibor qaratish muhim. Masalan, odamlar bir qarashda ajratib oladigan, uzoqdan ham farqlay oladigan ranglardan unumli foydalanishni olaylik. Men bu kabi yondashuvni Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lganimda Seul metrosida ko‘rgandim. Muayyan yo‘nalishga berilgan rangdan metroning nafaqat xaritasida, balki o‘sha yo‘nalishga taalluqli yozuvlar, ko‘rsatkichlarda ham foydalanilishi, Siz o‘zingiz uchun kerak bo‘lgan yo‘nalishda harakatlanayotganligingizni bildirib turadi.

Demak, turizm bilan bog‘liq infratuzilmani tashkillanishida ranglarning odam tomonidan tez ilg‘anishi va berilmoqchi bo‘lgan axborotni tez qabul qilinishida muhim rol’ o‘ynashidan kelib chiqilishi kerak.

Bepul reklama

Bugun har kimning qo‘lida mobil telefon. Mehmonxona, oshxona, tarixiy obida, muzey, qo‘yingki turizmga bog‘liq bo‘lgan va hatto bo‘lmagan biror ob’ektga tashrif buyurgan mehmonlarning aksariyati shu yerlarda olgan fotolarini telefon xotirasiga muhrlashga, shu vaqtni o‘zida ushbu fotolarni va o‘zining olgan taassurotlarini ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalariga joylashga, do‘stlari, yaqinlari bilan bo‘lishishga intiladi. Birgina misol. Asosan foydalanuvchilar fotolarini joylab, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, postlar qoldiradigan ijtimoiy tarmoqlardan feysbuk yoki instagramda foydalanuvchi ayni vaqtda qaerdaligini ham postiga ilova qilishi (lokatsiya yoki mestopolojenieni belgilashi) tarqatilayotgan postning ta’sirchanligini oshiradi va kengroq tarqalishiga zamin yaratadi. Shundan kelib chiqqan holda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z postlariga joy o‘rni (mestopolojenie)ni ham belgilashga intiladilar. Bu narsa nafaqat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisiga manfaatli, o‘sha ob’ektlarni bepul reklama qilinishiga ham sabab bo‘ladi. Lekin bugungi kunda mamlakatimizdagi barcha turistik ob’ektlarda ham ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yiladigan postlarga joy o‘rnini belgilashni, ilova qilishni imkoniyati yo‘q.

Musiqaning sehrli kuchi

Quloqlarimiz yuqori desibelli, gumbira-gumbir musiqayu qo‘shiqlarga moslashib qolgan bo‘lsada, lekin hali odamzot qalbining tub-tubida past ohangdagi, jonli ijro etiladigan musiqani, jonli ovozda ijro etiladigan qo‘shiqni eshitishga ishtiyoq so‘nib ulgurmagan deb o‘ylayman. Shundan bo‘lsa kerak, chaqaloqlar hozirgi shiddatli zamonda tug‘ilgan bo‘lishlariga qaramasdan onasining jonli ijrodagi allasini eshitish asnosida, hali hanuz uyquga bas kela olmayaptilar. Oshxonayu yemakxonalar egalari ko‘proq mijozlarni jalb qilishda jonli musiqayu qo‘shiqning magnitdek o‘ziga tortuvchi xususiyatidan foydalansalar bo‘lmaydimi? Bu nafaqat turist jalb qilish, balki yangi ish o‘rinlari, yangi-yangi talantlarni, o‘rin olmaganlar norozi bo‘lib yuradigan tanlovlarda emas, balki haqiqiy shinavandalarning sinovlaridan o‘tib, el ichidan yetishib chiqishiga imkoniyat hamdir.

Milliy musiqalarimiz tarixiy obidalar (balki ziyoratgoh joylarni bunga qo‘shib bo‘lmas) hududlarida ham, past ovozda, yoqimli bo‘lgan tovush balandligida tinimsiz yangrab turmog‘i kerak. Va takror aytish kerakki, repertuarda faqat milliy, klassik musiqalar bo‘lishi kerak. Faqat bunda turistik ob’ektning bitta joyiga qo‘yilgan ovoz kuchaytirgich (dinamik) bilan kerakli samaraga erishib bo‘lmaydi, sababi musiqani butun ob’ekt bo‘ylab yetkazib berilishi uchun juda katta tovush balandligidan foydalanishga to‘g‘ri keladi va bu kerksiz shovqin-suronni keltirib chiqaradi. Ko‘plab kichik-kichik dinamiklarni ob’ektning butun maydoni bo‘ylab joylashtirilishi bilangina tegishli samaraga erishish mumkin.

Xarassment bo‘yicha tushuncha shartmi?

Ayrim davlatlar o‘z yurtlariga tashrif buyurayotgan turistlarning bir soatgina vaqtlarini olib, ularga xarassment, ya’ni yerli xalq nimalarni yoqtiradi, nimalarni yoqtirmaydi, bu yerda qanday harakatlarni qilish nojoiz, agar sizga nisbatan qandaydir harakatlarni qilinsa, bu hurmat ma’nosini anglatishi va hakozo masalalarda qisqagina tushuntirish berib qo‘yadilar. Aytaylik, bolasi bilan ro‘parangizdan chiqqan insonning qo‘lidagi bolasiga qandaydir kulgili harakatlar qilish, uni yuzidan chimdib qo‘yish, peshonasidan o‘pib qo‘yish kabi harakatlar bizda to‘g‘ri qabul qilinsa, qaysidir xalqlarda yoki davlatlarda notanish shaxsning bunday harakatlari bolaga nisbatan tajovuz sifatida qabul qilinishi mumkin.

Mamlakatimizning o‘zidayam hududlar aholisining turli-turli urf odatlari ko‘p. Qaysidir hududimizda bir holat to‘g‘ri qabul qilinsa, qaysinisida esa qabul qilinmasligi mumkin. Shu nuqtai nazardan, mamlakat uchun umumlashgan bitta (chetdan kelayotgan turistlar uchun) va odatlar keskin farq qiladigan hududlar uchun ham alohida shunday qoidalar yoki ko‘rsatmalar majmuasi ishlab chiqilib, o‘sha hududga kirish oldidan mehmonlarga qisqacha tushuntirishlar berib qo‘yilsa, bu narsa mehmon va mahalliy aholini bir-biriga mehrini yanada oshirgan, turizmniyam samaraliroq bo‘lishini ta’minlagan bo‘lar edi.

Ko‘rsatkichlardagi yozuvlarni qaysi tilda takrorlagan ma’qul?

Bugun jahon tillari ichida eng zaruri bu ingliz tili. Ushbu tilni egallagan odam dunyoning istalgan davlatiga borsa, ko‘chada qolib ketmaydi. Shu nuqtai nazardan, ham dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan barcha turistlarning ko‘nglini birday topish, ham aholimizniyam bu tilga o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish uchun ko‘cha-kuydagi joylar, korxona, tashkilotlar nomlari va boshqa ko‘rsatkichlar davlat (o‘zbek) tilida yozilib, tarjimasi ingliz tilida takrorlanishi bizga bir o‘q bilan ikkita quyonni urish imkoniyatini beradi, deyish mumkin. Bunda turist o‘z manzilini qiynalmay topsa, oshxona, nonvoyxona, ko‘cha, uy va hakozo so‘zlarni inglizchasini har kun har soatda ko‘ravergan aholimizning ham o‘sha tildagi so‘zlar bo‘yicha lug‘at boyligi oshib boradi va tilni umumiy asoslarda o‘zlashtirilishiga zamin yaratiladi.

Koll-sentr zarur

Faqat turizm masalarida (turistlarga maslahatlar, tezkor yordam ko‘rsatish, tushuntirish va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish va h.k.) faoliyat olib boruvchi hamda 24 soat faoliyat ko‘rsatuvchi yagona koll-sentr zarur. Koll-sentrga qo‘ng‘iroq qilish bepul bo‘lishi va bu raqam tezkor xizmatlar (milisiya, tez yordam, favqulodda holat xizmatlari) kabi telefon balansi nol’ bo‘lganda ham qo‘ng‘iroqni amalga oshira olish imkoniyatida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Koll-sentr eng kamida 3 ta tilda (o‘zbek, ingliz, rus tilida) mehmonlarga maslahatlar bera olishi kerak. Masalan Janubiy Koreyada bunday koll-sentlar turistlarga 19 tagacha tilda yordam ko‘rsata oladi.

Xulosa o‘rnida

Mavzu yuzasidan bildirayotgan fikrlarimning nihoyasida yuqoridagilarni umumlashtirgan holda, quyidagicha xulosalar qilish mumkin. Bir hududda turizm uchun qanchalik sharoit yaratilganligi bo‘yicha aniq xulosalarni chiqarib olish uchun mahalliy tillarni umuman bilmaydigan turistni o‘sha hudud bo‘ylab mustaqil sayohatga qo‘yib yuborish kifoya. Agar yuqorida sanab o‘tilgan takliflar o‘rni-o‘rnida tashkillangan bo‘lsa, u o‘sha hududni o‘z kuchi bilan aylanib, o‘ziga kerakli manzillarni topib, mahalliy aholidanam o‘ziga do‘stlar orttirib, Everestni zabt etgan alpinistdek taassurotlar bilan yurtiga qaytadi.

G‘ayrat Mamatqulov

Post Comment