Tovardagi nuqsonlarni bepul bartaraf etish tartiblari yuzasidan press-tur o‘tkazildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan media tadbirlar rejasi asosida “Tovardagi nuqsonlarni bepul bartaraf etish tartiblari, bu borada servis kompaniyalarning o‘rni” mavzusida Press-tur o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, tadbir ishtirokchilari Artel kompaniyasi servis markazining Farg‘ona filialida va shu hududda joylashgan “Munis mebel” supermarketida bo‘lishib, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga asosan iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari, kafolat muddati va yaroqlilik ichida tovardagi nuqsonlarni bepul bartaraf etish tartiblari, bu borada sotuvchilar va ishlab chiqaruvchining vakili bo‘lgan servis kompaniyalarining tutgan o‘rni va roli xususida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Ta’kidlandiki, amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, iste’molchilar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi (4-modda), tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplanishini talab qilish (13-modda) kabi huquqlarga ega. Sotuvchi va ishlab chiqaruvchilar (servis kompaniyalari) esa, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim (15-modda).
Uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarni ta’mirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun iste’molchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi (sotuvchining hisobidan uning o‘zi yoki vakili eltib beradi. Tovardagi nuqsonlarni bartaraf etish xususida talab qo‘yilgan taqdirda, undan foydalanishning kafolat muddati iste’molchining tovardan foydalana olmagan davrga teng muddatga uzaytiriladi. Mazkur muddat iste’molchi nuqsonlarni bartaraf etish talabi bilan murojaat etgan kundan e’tiboran hisoblana boshlaydi. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste’molchining ta’mirlashga ketadigan vaqtda foydalanish uchun shunday tovarni berib turish haqidagi talabini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun, shuningdek, nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga neustoyka (penya) to‘laydi (15-modda).
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Post Comment