Iste’molchi avtomashina uchun to‘lagan pulini qaytarib oldi
Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi D.Qo‘chqorova yangi avtomobil sotib olish uchun shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan summadagi to‘lovlarni amalga oshirgach, belgilangan vaqtda yetkazib beruvchi tomonning «Avtomobilingiz keldi, olib keting», degan mazmundagi xabarini kutgan. Lekin u tomondan hadeganda darak bo‘lavermagan.
Iste’molchining avtomobil uchun to‘langan pul mablag‘larini qaytarishda amaliy yordam so‘rab Federatsiyaga qilingan murojaati Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda, iste’molchi «Kobal’t» avtomashinasi sotib olish uchun Farg‘ona shahridagi «Imkon avto xizmat» MChJ bilan shartnoma tuzganligi, shartnoma asosida 46 mln 968 ming 545 so‘m to‘lovni amalga oshirganligi ma’lum bo‘ldi.
Murojaatni o‘rganish davomida ijrochi tomonga amaldagi iste’molchilarning uhquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari bo‘yicha targ‘ibot ishlari o‘tkazilib, avtomashina shartnoma shartlariga ko‘ra 120 kunlik muddat ichida yetkazib berilmaganligi sababidan oldindan to‘langan pul summasini qaytarish bo‘yicha iste’molchining talabi yetkazildi. Murojaatni o‘rganish yakunlari bilan ijrochi tomon iste’molchiga to‘langan pul summasini to‘liq qaytarib berdi.
Nodirjon Toshkanov
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati raisi
Post Comment