Oliy ta’lim dargohida Federatsiyaning halqaro aloqalari va bu borada erishilayotgan natijalar mavzusiga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Farg‘ona viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan media tadbirlar rejasi asosida Farg‘ona Davlat Universitetining Iqtisodiyot fakul’teti talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining halqaro aloqalari va bu borada erishilayotgan natijalar» mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari yurtimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik bazasining shakllanishi, iste’molchilik ijtimoiy harakatining vujudga kelishi, taraqqiy topishi va bugungi ahvoli, ijtimoiy harakatning timsoli bo‘lgan – O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tashkilotlari faoliyati, Federatsiyaning xalqaro aloqalari xususida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Ta’kidlandiki, Federatsiya 2018 yildan boshlab dunyoning 100 dan ortiq davlatlarining 200 ga yaqin tashkilotlari a’zo bo‘lgan Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International)ning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi, ya’ni ushbu xalqaro tashkilot faoliyatida ovoz berish huquqi bilan ishtirok etadi.
Garchi, Federatsiya 2018 yilga qadar dunyodagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib boruvchi bir necha turdosh tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolagan bo‘lsada, xalqaro tashkilotga a’zolikdan so‘ng bu boradagi ishlar yanada jadallashdi. Bugungi kunda Federatsiya MDH davlatlaridagi bir qator turdosh tashkilotlar, Yevropaning bir qator davlatlari (Fransiya, Germaniya, Angliya, Portugaliya, Isroil, Turkiya), Osiyo davlatlari (Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Malayziya, V’etnam va b.), shtab kvartirasi Rossiyada joylashgan KonfOP xalqaro tashkiloti (Iste’molchilar jamiyatlari konfederatsiyasi) bilan hamkorlik memorandumlari asosida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda AQSh va Kanadadagi turdosh tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ishlar olib borilmoqda.
Xalqaro iste’molchilar tashkiloti hamda KonfOP hamkorligida 2020 yil yanvarida mamlakatimizning Toshkent va Samarqand shaharlarida “Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilari forumi” o‘tkazildi. Yevropa va Osiyo mamlakatlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ishtirokida tarixda birinchi bor tashkillangan mazkur xalqaro forum ishida Xalqaro iste’molchilar tashkiloti prezidenti Marimutu Nadason, KonfOP boshqaruvi raisi Dmitriy Yaninlar shaxsan ishtirok etdilar. Forum doirasida iste’molchilarning transchegaraviy murojaatlarini hal qilish masalalari, iste’molchilarning turizm va elektron tijorat sohasida muammolarini hamkorlikda hal qilish va boshqa shu kabi masalalar keng muhokama qilinib, uning yakunlariga ko‘ra Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi bilan 2021 yilning noyabr’ oyida tashkillangan “Sayyoh-2021” forumida dunyoning 60 ga yaqin davlatidan xalqaro ekspertlar onlayn va offlayn tarzda ishtirok etdilar. Forum ishtirokchilari tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati, kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sayyoh (iste’molchi)lar muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish kabi mavzular muhokama qilindi. Forumda asosan 3 ta masala ko‘tarildi: “Xalqaro turistik huquq va turizm sohasida iste’molchilarning transchegaraviy murojaatlari”, “Ta’lim va tibbiy turizmda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni yaxshilash vazifalari”, “Elektron turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish: xalqaro tavsiyalar va mamlakatlar tajribasi”. Forum yakunlariga ko‘ra Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi.
Shuningdek, Federatsiya delegasiyasi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining iste’molchilik sohasiga oid har yili o‘tkaziladigan forumlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Shulardan so‘ngisi o‘tgan yili Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkazilgan “Antikontrafakt-2022” xalqaro forumidir.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Post Comment