Samarqandlik iste’molchining nuqsonli chiqqan iPhone rusumli telefoni almashtirildi
Samarqand shahar Ashxobod ko‘chasida yashovchi X.Sh.ning O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 qisqa raqamli ishonch telefniga qilgan murojaati unda ko‘tarilgan masalaning hududiy tegishliligi bo‘yicha Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi.
Murojaatchi joriy yil iyun oyining o‘rtalarida Farg‘ona shahridagi «Xon bozor» savdo do‘konidan iPhone 14 Pro rusumli mobil aloqa vositasini 11 000 000 so‘mga sotib olganligini, ishlatishi mobaynida batareyka va ovoz kuchaytirich tugmasida muammo kuzatilganligini, holat bo‘yicha tovar xarid qilingan savdo do‘koniga telefon orqali qilgan murojaatlari e’tiborsiz qolayotganligi to‘g‘risida ma’lum qilib, muammoni ijobiy yechim topishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida do‘kon rahbari bilan uchrashilib, unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Iste’molchi tomonidan e’tiroz bildirilgan mobil qurilma tezkor pochta orqali Samarqanddan Farg‘onaga keltirilib, do‘kon mas’ullari tomonidan ko‘zdan kechirilgach, tovar xuddi shu rusumdagi yangisiga almashtirildi hamda tezkor pochta aloqasi vositasida iste’molchiga yetkazildi.
– Mening murojaatimni tezkorlikda o‘rganib chiqib, ijobiy hal qilib berganliklari uchun iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman,– deydi iste’molchi murojaatini o‘rganish yakunlaridan qoniqish hosil qilganligini bildirib, shahar jamiyatiga yuborgan minnatdorchilik xatida.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment