Jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisining 2023 yil 8 iyun kunidagi buyrug‘i asosida Federatsiyaning hududiy tashkilotlariga O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Republikasi Prezidentining 2021-yil 4 martdagi PF-6181-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi”, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-son Qarori hamda Federatsiya Ustaviga muvofiq Jamoatchilik eshituvlarini tashkillab borish vazifasi yuklatilgan.
Federatsiya tizimida mazkur Jamoatchilik eshituvlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari hamda tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan sog‘liqni saqlash, ta’lim. transport, elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish va boshqa sohalarda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablarining ijro etilishini ta’minlash, soha rahbari tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor bo‘lgan vazifalar va funksiyalarni bajarish borasida 2017-2023-yillar davomida amalga oshirilgan ishlar, 2023-2025-yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan yuzasidan o‘tkazib borilishi belgilangan.
Hududiy birlashma tomonidan mazkur buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi viloyat bo‘linmasi hamkorligida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilafruz Qosimova ishtirokida boshqarma tizimidagi umumiy o‘rta maktablarida o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha eshituvi tashkillandi.
Eshituvni o‘tkazish tartib qoidalaridan kelib chiqqan holda, hududiy birlashma tomonidan boshqarmadan quyidagi yo‘nalishlarda keng jamoatchilikka axborot berilishi so‘raldi, ya’ni o‘quvchilarni sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlarni yaxshilash uchun ta’lim muassasalarini mashg‘ulotlarni o‘tish hududlari (sinf xonalari, sport zali, kutubxona va boshqalar)ni yetarli miqdor va sifatda mebellar va inventarlari (parta, stol, stul, shkaf, doska va boshqalar) bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar; maktablarda o‘quvchilarga ovqatlanish uchun sharoitlar yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar; o‘quvchilarning darslarga qatnash ko‘rsatkichlarini nazoratini olib borish va uni yaxshilash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar; maktab hududida o‘quvchilarning hayoti, sog‘ligi va mol-mulki uchun xavf tug‘diruvchi omillarni nazoratini olib borish va ularni o‘z vaqtida bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar; alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar; o‘quvchilarni samarali dam olishini (o‘quvchilar ishtirokida hududlardagi diqqatga sazovor joylar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, dam olish joylariga turli sayohatlarni uyushtirish) tashkil qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida maktablarni ta’mirlash ishlarini tashkillash uchun o‘quvchilardan (ota-onalardan) pul yig‘ish holatlariga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar.
Eshituvda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D.Qosimovaning kun tartibidagi masalalar yuzasidan axborotidan so‘ng, tadbir ishtirokchilarining savollariga javoblar qaytarildi.
Tadbirda so‘z olganlar sohaga oid qonun va qarorlar ijrosini ta’minlash va sohada jamoatchilik nazoratini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, ushbu jarayonda NNTlarning tutgan o‘rni va roli, ularda fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash masalalarida o‘zaro fikr va mulohazalar almashdilar. Tadbir yakunlariga ko‘ra, viloyatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida bu borada yaqindan hamkorlik olib borishga kelishib olindi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Post Comment