Bazaga kirmasdan qolib ketgan to‘lov summasi iste’molchining kommunal idoradagi hisob raqamiga o‘tkazdirib berildi

Bazaga kirmasdan qolib ketgan to‘lov summasi iste’molchining kommunal idoradagi hisob raqamiga o‘tkazdirib berildi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Yuksalish» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi G‘. N. ichimlik suvi uchun ta’minot korxonasi hisob raqamiga to‘langan mablag‘ning shaxsiy hisob raqamida aks ettirilmasdan qolayotganligi borasidagi murojaati o‘rganildi.

Murojaatchi ma’lum qilishicha, uning o‘z yashash xonadoni ichimlik suvi uchun 2021 yil 30 aprel kuni «Farg‘ona suv ta’minoti» MChJ Marg‘ilon shahar filialiga kelib amalga oshirgan 200 000 so‘m to‘lovi shu paytga qadar korxonaning elektron bazasiga kiritilmasdan qolib ketgan. Masalani o‘z kuchi bilan hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari samara bermagach, shahar jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Murojaat ijroga qaratilib, o‘rganish ishlari olib borilishi davomida ichimlik suvi ta’minoti korxonasiga tashrif buyurilib, mutaxassislar hamkorligida holatga oydinlik kiritilganida, o‘sha paytda ushbu masalaga mas’ul xodimlarning e’tiborsizligi sabab, amalga oshirilgan to‘lov tasdiqlanmay qolib ketganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari doirasida korxonadan iste’molchi amalga oshirgan to‘lov uning hisob raqamiga o‘tkazilganligi to‘g‘risida rasmiy javob xati olindi.

Murojaatni o‘rganish ishlari davomida tomonlarga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik mazmun-mohiyati targ‘iboti olib borildi. Murojaati bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunlaridan qoniqish hosil qilgan iste’molchi jamiyat xodimlariga o‘z minnatdorchiligini izxor qildi.

Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati mutaxassisi.

Post Comment