Hisoblagich ro‘yxatdan o‘tkazilib, asossiz qarzdorlik bartaraf qilindi
Toshloq tuman «Hamrak» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi R. Y.ning ichimlik suvi ta’minoti korxonasi xizmatlaridan norozi bo‘lib qilgan yozma murojaati tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganildi.
Murojaatda ichimlik suvi ta’minoti korxonasi xodimi tomonidan murojaat egasi hamda uning qo‘shnisi X. Y. lardan suv hisoblagich o‘rnatib berish va hujjatlashtirish uchun 600 ming so‘mdan pul mablag‘larini olganligi, shuningdek ular hisoblagich o‘rnatilgan kunga qadar bo‘lgan 200 ming so‘mdan qarzdorlikni ham to‘laganliklari, lekin ishlar shu kunga qadar to‘liq nihoyasiga yetkazilmaganligi, sababi korxona ularga ichimlik suvi to‘lovlari bo‘yicha qarzdorliklari mavjudligini ma’lum qilib, to‘lab qo‘yilishi so‘ralayotganligi keltirib o‘tiladi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida tuman jamiyati tomonidan «Farg‘ona suv ta’minoti» AJ tuman filialiga mazkur masalada so‘rov xati kiritildi. Filial javob xatida fuqaro R.Y. suv hisoblagichni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Davlat xizmatlari markaziga belgilangan tartibda ariza bermaganligi sababli noreal qarzdorlik yuzaga kelganligi, qarzdorlik xonadondagi iste’mol ko‘rsatkichlari Vazirlar Mahkamasining 15.07.2014 yildagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan Qoidalarning (2-ilova) 87-a-bandi bo‘yicha normativ (odam soniga) hisob-kitob qilib kelinganligi oqibatida yuzaga kelganligini bayon qilib, o‘rganish davomida fuqaroning hisoblagichi ro‘yxatdan o‘tkazib berilganligini va noreal qarzdorlik bartaraf qilinganligini ma’lum qildi.
Shu o‘rinda ma’lumot uchun «Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari»ning 87-bandi a-kichik band qismini keltirib o‘tamiz:
87. Suvni hisobga olish asbobi bilan ta’minlanmagan iste’molchilar tomonidan sarflangan ichimlik suv miqdori sutkasiga quyidagicha hisoblanadi:
a) I guruh iste’molchilari uchun:
ko‘chadagi umumiy foydalanadigan ichimlik suvi kolonkasidan tashib ichuvchilar uchun kishi boshiga — 50 litr;
markazlashgan ichimlik suv tarmog‘iga ulangan, suv berish jadvali asosida suv beriladigan xonadonlar uchun kishi boshiga — 200 litr;
markazlashgan ichimlik suv tarmog‘iga ulangan xonadonlar uchun kishi boshiga — 350 litr;
suv sepish va sug‘orish maydonining har 1 metr kvadrati uchun 15 litr (suv sepish va sug‘orish davri 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi);
hovuz (basseyn), mikroiqlim yoki favvora mavjud bo‘lgan hollarda ichimlik suv iste’moli hajmi asosiy ichimlik suv tarmog‘i ulanmasining suv o‘tkazish quvvatidan kelib chiqib, ushbu Qoidalar 87-bandining «b» kichik bandi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment