Boshlang‘ich to‘lov summasi iste’molchiga qaytarildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Toshloq tumani «Konizar» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi H.O.ning xarid qilingan telefon sotuvchiga qaytarilgan bo‘lsada, to‘langan pul summasini qaytarib berilishi ishlarini paysalga solinayotganligi haqidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u Toshloq tumanida joylashgan savdo do‘konidan 113 000 so‘m oldindan to‘lovni amalga oshirish va tovar qiymatining qolgan qismini bo‘lib to‘lash, bunda har oyda 90 000 so‘mdan to‘lovni amalga oshirib borish shartlarida Samsung rusumli telefon xarid qiladi. Biroq telefon apparatidan 2 kun davomida foydalanish jarayonidayoq unda nuqson borligini aniqlab, telefonni sotuvchiga qaytarib topshiradi. Nuqsonli telefon apparatini qabul qilib olgan sotuvchi iste’molchi tomonidan amalga oshirilgan boshlang‘ich to‘lov summasini qaytarib berilishini va’da qilgan bo‘lsada, bu ishlar paysalga solib kelinadi.
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari o‘rganish ishlari jarayonida sotuvchi bilan uchrashib, iste’molchining murojaatida keltirgan vajlari asosli ekanligiga aniqlik kiritib olganlaridan va sotuvchiga yuzaga kelgan holat bo‘yicha qonunchilik talablarini tushuntirganlaridan so‘ng, boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘langan 113 000 so‘m pulni iste’molchiga qaytarib berilishiga erishildi.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment