Iste’molchi e’tiroziga sabab bo‘lgan mobil qurilma sotuvchiga qaytarildi
Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Furqat tumanida yashovchi G.A.ning qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingan mobil qurilmadan foydalanishda yuzaga kelgan muammo va ushbu muammoni hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi joriy yilning may oyi o‘rtalarida shartnoma qiymati 3 400 000 so‘m bo‘lgan «Honor X8» rusumidagi mobil telefonni Beshariq tumanida faoliyat olib boruvchi savdo do‘konidan qiymatini bir yil davomida bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilgan. Mobil qurilmadan foydalanishi jarayonida u ortiqcha qizib ketaverganidan keyin sotuvchiga bu boradagi e’tirozlarini bildirgan va mobil qurilmani unga qaytarishga uringan, lekin tomonlar bu borada kelishuvga erisha olmaganlar.
Tuman jamiyati tomonlarga yuzaga kelgan holat yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish bilan birgalikda, sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablarini o‘zida aks ettirgan so‘rov xati kiritdi. Sotuvchi tomoni, o‘z navbatida, yuzaga kelgan holat o‘rganib chiqilgani va mobil qurilma iste’molchidan qaytarib olinib, u bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingani haqida yozma ravishda ma’lum qildi.
Baxtiyor Jurayev,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment