Iste’molchiga 47 million so‘mdan ortiqroq pulini qaytarib olishida yordam ko‘rsatildi

Iste’molchiga 47 million so‘mdan ortiqroq pulini qaytarib olishida yordam ko‘rsatildi

Toshloq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Furqat» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi A.D.ning qurilish kompaniyasi ishlarni cho‘zib yuborishi natijasida uy xarid qilishdan voz kechganligi va kompaniya unga qaytarishi lozim bo‘lgan pul summasidan 24 million so‘mdan ortiqroq qismini qaytarib berish ishlarini paysalga solib kelayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u “Azik Nurik Golden brich” MChJ tomonidan tuman hududiga qurilayotgan yangi xonadonlardan birini xarid qilish uchun 47 480 000 so‘m oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Lekin qurilish ishlari ikki yil davomida ham nihoyasiga yetavermagach, iste’molchi uy xarid qilishdan voz kechib, o‘zi tomonidan to‘langan pul summasi qaytarilishini so‘ragan. O‘sha paytda iste’molchining ushbu masaladagi murojaati asosida o‘rganish ishlari olib borayotgan Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislarining aralashuvi bilan kompaniya unga pulning 22 770 000 so‘m qismini qaytarib bergan, qolgan qismi esa tez kunlarda qaytarilishini va’da qilgan. Lekin oradan muayyan vaqt o‘tib, pullar qaytarilishi paysalga solinayotganligini ko‘rgan iste’molchi bu haqda tuman jamiyatiga ma’lum qilgan.

Tuman jamiyati tomonidan yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqqan holda ishni sud orqali hal qilish qaroriga kelinib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi tayyorlandi va javobgar tomon bu haqda tegishli tartibda ogohlantirildi. Yuzaga kelgan holatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan quruvchi kompaniya tomonidan ishni sudgacha hal qilish ma’qul ko‘rilib, iste’molchiga qaytarilishi kerak bo‘lgan 24 710 000 so‘m pul summasi to‘liq qaytarilib, masala iste’molchi foydasiga hal etildi.

Husnidaxon Yakubova,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Post Comment