Kir yuvish mashinasidagi nuqson bepul bartaraf etib berildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Xo‘jamag‘iz» mahalla fuqarlar yig‘ini hududida yashovchi Sh.A.ning xarid qilingan avtomat kir yuvish mashinasida nuqson kuzatilgani va mas’ullar tomonidan nuqsonni bartaraf etib berish ishlari paysalga solinayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining murojaatida shahardagi «Garant» kredit savdo do‘konidan muddatli to‘lov shartlarida Hofmann rusumidagi avtomat kir yuvish mashinasini 7 520 000 so‘mga xarid qilganligini, lekin keyinchalik undan foydalanishi jarayonida pastki qismidan suv oqish holati kuzatilavergani, bu borada sotuvchiga, keyin servis markaziga qilgan murojaatlaridan esa natija bo‘lmayotganligini bayon qilib, masalani qonuniy hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim, aks holda nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga neustoyka (penya) to‘lash majburiyati yuzaga keladi. Iste’molchi murojaatini o‘rganish jarayonida masu’llarga yuqoridagi holatlar yuzasidan berilgan tushuntirishlardan so‘ng, iste’molchining kir yuvish mashinasidagi nuqson bepul bartaraf etib berilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment