Targ‘ibot tadbirlari doirasida fuqarolarning murojaatlari ham hal etib borilmoqda
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi o‘rtasida ijtimoiy sheriklik va hamkorlik yuzasidan imzolangan chora-tadbirlar rejasi asosida viloyat hududidagi oliy ta’lim muassasalari va akademik liseylarda ushbu muassasalarning pedagoglari hamda xo‘jalik bo‘limlarida mehnat faoliyati olib borayotgan ishchi xizmatchilari ishtirokida turli shakllardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar doiorasida iste’molchilik sohasiga oid amaldagi qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berish barobarida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar, shuningdek ularning sohaga oid muammolari, ariza, shikoyat va takliflari ham tinglanib, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar tegishli ravishda qayd qilinib, ular bo‘yicha o‘rganish ishlari ham olib borildi.
Shunday murojaatlardan biri Farg‘ona politexnika instituti qoshidagi akademik liseyda mehnat faoliyati olib borayotgan N.D. tomonidan bildirilib, unda u oldingi ishlagan joyi – Marg‘ilon shahrida joylashgan tashkilotdan hisob-kitob pullarini to‘liq ololmayotganligi, u yerdagilar pulni berishni paysalga solishayotganligini aytib, masalalani ijobiy hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘ragandi.
Tadbirdan so‘ng murojaat bilan masalalaning hududiy tegishliligi bo‘yicha Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas’ul xodimlari shug‘ullandilar. Jamiyat mutaxassislari murojaatda nomi keltirilgan tashkilot rahbar va mas’ul xodimlari bilan uchrashib, ular bilan bu borada muzokaralar olib borishlari jarayonida N.D. plastik kartasiga hisob-kitob pullaridan 1 500 000 so‘mi tushirib berildi. Pullarning qolgan qismi esa dekabr’ oyi yakuni bilan N.D.ga to‘lab berilib, muammo to‘liq bartaraf etiladigan bo‘ldi.
Nigora Usmonova,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment