Kengash yig‘ilishida o‘tgan yil faoliyat yakunlari sarhisob qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi

Kengash yig‘ilishida o‘tgan yil faoliyat yakunlari sarhisob qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi Kengashining hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlarining 2024 yildagi faoliyat yakunlari sarhisobi va 2025 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni belgilab olishni ko‘zda tutuvchi, joriy yildagi, dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, o‘tgan 2024 yilda Federatsiyaning viloyatdagi idoralariga jami bo‘lib 898 ta murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarni o‘rganib chiqilishi natijalariga ko‘ra, 1 mlrd 783 mln 521 ming 122 so‘m mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan bo‘lib, shundan 241 mln 139 ming 146 so‘mi sud idoralariga kiritilgan 18 ta da’vo arizalari bo‘yicha iste’molchilar foydasiga undirilgan moddiy va ma’naviy zararlardir. Murojaatlarning 35,3 foizi savdo masalalaridagi, 16,1 foizi gaz ta’minoti, 10,9 foizi elektr ta’minoti, yana 10,9 foizi suv ta’minoti, 7,1 foizi kommunal soha (shirkatlar), 5,3 foizi xizmat ko‘rsatish (servis) sohalariga oid masalalardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, qolgan 14,3 foizi sog‘liqni saqlash, transport, aloqa (va internet) hamda iste’mol sohasiga oid boshqa masalalarda kelib tushgan. Savdo sohasiga oid murojaatlarning eng ko‘p qismi 28,7 foizi xarid qilingan maishiy texnika vositalarida nuqsonlar aniqlanishi holatlari yuzasidan bo‘lgan.

Shuningdek, o‘tgan yil davomida amaldagi qonunchilik targ‘ibotiga bag‘ishlangan 595 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilgan, faoliyat natijalarini OAVlarda yoritish maqsadida televidenie, radio, respublika va mahalliy bosma va elektron nashlarda 975 ta chiqishlar tashkillangan. Faoliyat natijalarini aholining keng qatlamlariga yetkazish maqsadida OAV vakillari ishtirokida 6 ta brifing va 4 ta ochiq muloqot shaklidagi media tadbirlar o‘tkazilgan.

Hududiy birlashmaning davlat granti doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan barcha tadbirlarni, xususan hudududiy birlashma saytini modernizasiya qilish, oliy ta’lim muasssasalarida seminar-treninglar o‘tkazish, yoshlar o‘rtasida tanlov o‘tkazish, moliyaviy savodxonlikni targ‘ib qiluvchi plakatlarni ishlab chiqish va tarqatish kabi ishlarni o‘z muddatlarida amalga oshirilishi ta’minlangan.

681 nafar fuqarolarga tizimda tashkillangan «Iste’molchi bilan muloqot» huquqiy maslahatxonalari orqali, 299 nafar fuqarolarga esa rahbar va mas’ul xodimlarning aholi bilan muloqot tadbirlari doirasida bepul huquqiy maslahatlar va amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.

Davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan xodimlarning huquqiy va kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan 9 ta o‘quv tadbirlarida tizim xodimlarining ishtiroki ta’minlangan.

Kengash yig‘ilishi doirasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada oshirish bo‘yicha tuman (shahar) jamiyatlari mas’ullariga tegishli topshiriq va ko‘rsatma berib o‘tilib, uning yakunlariga ko‘ra tegishli qarorlar qabul qilindi.

Post Comment