Mobil qurilmada yuzaga kelgan nuqsonni bartaraf etish uchun qilingan harajat qoplab berildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanilik B.M.ning elektron tijorat vositasida 1 692 000 so‘mga sotib olingan Samsung S9 rusumli telefon apparatida IMEI bilan bog‘liq muammo kelib chiqqanligi va uni bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi telefon apparatini Marg‘ilon shahridagi savdo do‘konidan Surxonadryo viloyatidagi o‘zi yashab turgan manzilga yetkazib berish shartlarida xarid qiladi. Mobil qurilma hech qancha ishlatilmasidan muammo kelib chiqadi. Sotuvchi bilan bog‘lanib muammoni hal qila olmaydi. Sababi sotuvchi muammoni bartaraf qilish uchun telefon apparatini Marg‘ilon shahriga yetkazib berilishini, iste’molchi esa bunga moliyaviy imkoniyati yo‘qligini ro‘kach qilishlari ortidan muammo hal bo‘lmasdan qolavergach, u Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilishga qaror qiladi.
Amaldagi qonunchilikda sotilgan tovarda nuqson aniqlanganda, sotuvchi iste’molchining talabi asosida tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish choralarini ko‘rishi, shuningdek agar iste’molchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan nuqsonlarni bartaraf etishga harajat qilingan bo‘lsa, ushbu harajatlarni qoplab berishi bo‘yicha normalar mavjud.
Murojaatni o‘rganish jarayonida iste’molchi muammosini bartaraf qilinishi uchun telefon apparatlarini ta’mirlash ishlarini olib boruvchi mutaxassis tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazish va buning uchun 100 000 so‘m harajat sarflanishi ma’lum bo‘lgach, sotuvchi ushbu harajatni qoplab berish taklifini bildirdi. Tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilib, pul mablag‘i iste’molchining bank kartasiga o‘tkazib berilishi bilan iste’molchini qiynab kelgan muammoni bartaraf qilinishiga erishildi.
Post Comment